Yangiliklar

img
Thu, 08/27/2026 - 17:19

Yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik holati tanqidiy tahlil qilindi

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida yangi o‘quv yilini munosib kutib olish, talabalarga yaratiladigan sharoitlarni yanada yaxshilash hamda universitet hududini obodonlashtirish borasidagi ishlar izchil davom etmoqda.

Universitet rektori, akademik Sh.Sirojiddinov talabalar turar joylarining yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik holatini o‘rgandi. Ikki talabalar turar joyida olib borilayotgan ishlar tanqidiy-tahliliy ruhda ko‘zdan kechirilib, mavjud holatga alohida e’tibor qaratildi.

O‘rganish davomida talabalar turar joylarining har bir qavatidagi oshxonalar, yuvinish xonalari va boshqa umumiy foydalanish joylari birma-bir ko‘zdan kechirildi. Mas’ullarning tayyorgarlik ishlari yuzasidan axborotlari tinglanib, ayrim yo‘nalishlarda ishlarni tashkil etish sur’ati va sifati qoniqarli darajada emasligi qayd etildi.

Akademik Sh.Sirojiddinov talabalar turar joylarini yangi o‘quv yiliga tayyorlash masalasiga yuzaki yondashib bo‘lmasligini ta’kidlab, aniqlangan kamchiliklarni zudlik bilan bartaraf etish bo‘yicha mas’ullarga qat’iy topshiriqlar berdi. Talabalar kelguniga qadar barcha TTJlarda tozalik, obodonlashtirish va zarur maishiy sharoitlar bilan bog‘liq ishlarni to‘liq yakunlash, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish hamda har bir hududni foydalanishga shay holatga keltirish vazifasi belgilandi.

  

Shuningdek, joriy yilda universitet tashkil topganining 10 yilligi keng nishonlanishi munosabati bilan ta’lim maskanining umumiy qiyofasiga alohida e’tibor qaratish zarurligi ta’kidlandi. Yubiley tadbirlariga tayyorgarlik doirasida universitetning o‘quv binolari, tashqi va ichki hovlilarini to‘liq ta’mirlash, hududni obodonlashtirish va mavjud sharoitlarni yanada yaxshilash bo‘yicha tegishli vazifalar belgilab berildi.

Rektor universitetning 10 yillik tarixida erishilgan yutuqlar bilan bir qatorda, uning bugungi qiyofasi ham muhim ekanini qayd etib, amalga oshirilayotgan har bir ishda sifat va mas’uliyat ustuvor bo‘lishi lozimligini uqtirdi.

Belgilangan vazifalarning ijrosini ta’minlash, mavjud kamchiliklarni qisqa muddatlarda bartaraf etish va yangi o‘quv yilini munosib tashkiliy tayyorgarlik bilan boshlash yuzasidan mas’ullarga aniq ko‘rsatmalar berildi.