Yangiliklar

img
Wed, 09/16/2026 - 11:19

Yangi o‘quv yili oldidan metodik ta’limning ustuvor vazifalari belgilandi

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida yangi o‘quv yilini mazmunan yangi yondashuvlar asosida boshlash, ta’lim sifatini oshirish va pedagogik kadrlar tayyorlash tizimini zamonaviy talablar asosida takomillashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Universitet rektori, akademik Shuhrat Sirojiddinov yangi o‘quv yili arafasida O‘zbek tilini o‘qitish metodikasi hamda Adabiyot o‘qitish metodikasi kafedralari faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

Tashrif davomida kafedralarning bugungi faoliyati, ilmiy-metodik salohiyati, o‘quv jarayonidagi yondashuvlar va istiqboldagi vazifalar tanqidiy-tahliliy ruhda muhokama qilindi.

Ta’kidlanganidek, ToshDO‘TAUning asosiy missiyalaridan biri o‘zbek tili va adabiyotini o‘qitish tizimini muntazam tahlil qilish, ta’lim amaliyotining mavjud muammolarini aniqlash, zamonaviy va samarador metodikalarni ishlab chiqish hamda ularni ta’lim jarayoniga izchil joriy etishdan iborat. Bugun bu jarayonni an’anaviy yondashuvlar doirasida olib borishning o‘zi yetarli emas. O‘zbek tili va adabiyoti ta’limining mazmuni, metodikasi va texnologiyalari xalqaro ta’lim standartlari, zamonaviy pedagogik qarashlar, axborot texnologiyalari va sun’iy intellekt imkoniyatlari bilan uyg‘un holda rivojlantirilishi zarur. Shu nuqtayi nazardan, kafedralar faoliyatida mavjud moddiy-texnik imkoniyatlardan foydalanish masalasi ham tanqidiy tahlil qilindi. Universitet tomonidan o‘quv mashg‘ulotlarini interaktiv va zamonaviy texnologik uskunalar asosida tashkil etish uchun kafedralarga maxsus kompyuter xonalari ajratilgan bo‘lsa-da, amaliyotda, ayniqsa, mutaxassislik fanlarini o‘qitishda ushbu imkoniyatlardan yetarli darajada foydalanilmayotgani qayd etildi.

 

Professor-o‘qituvchilarning zamonaviy ta’lim texnologiyalarini egallashi, o‘z ustida muntazam ishlashi, pedagogik va raqamli kompetensiyalarini rivojlantirishi hamda universitet tomonidan yaratilayotgan moddiy-texnik bazadan samarali foydalanishi zarurligi ta’kidlandi. Zero, zamonaviy auditoriya, zamonaviy uskuna va zamonaviy metod bir-birini to‘ldirgandagina ta’lim jarayonida kutilgan natijaga erishish mumkin. Shuningdek, o‘quv dasturlari va fan dasturlarini xalqaro standartlar asosida qayta ko‘rib chiqish, ularning mazmunini bugungi ta’lim ehtiyojlariga moslashtirish, yangi metodik yechimlar ishlab chiqish va ta’lim jarayoniga zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish bo‘yicha aniq vazifalar belgilandi.

Ayniqsa, bugungi talaba ertangi o‘qituvchi ekani alohida qayd etildi. Demak, uning auditoriyada olayotgan har bir bilimi, o‘zlashtirayotgan har bir metodi va shakllantirayotgan pedagogik kompetensiyasi kelajakdagi minglab o‘quvchilarning ta’lim sifatiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Shu sababli O‘zbek tilini o‘qitish metodikasi va Adabiyot o‘qitish metodikasi kafedralari zimmasidagi vazifalar alohida mas’uliyat va strategik ahamiyat kasb etadi.

  

Rektor tomonidan bu boradagi ishlarni kechiktirish mumkin emasligi, mavjud holatni shunchaki qayd etish bilan cheklanib qolmasdan, aniq natijaga yo‘naltirilgan tizimli mexanizmlarni ishlab chiqish zarurligi ta’kidlandi.

Muhokamalar davomida yana bir muhim masalaga e’tibor qaratildi. Bugun ishlab chiqilayotgan ustuvor yo‘nalishlar bir yoki ikki yillik rejalar bilan chegaralanmasligi kerak. Ular o‘zbek tili va adabiyotini o‘qitish metodikasining kelgusi o‘n yillikdagi taraqqiyotini ko‘zda tutadigan, ta’lim tizimidagi o‘zgarishlarni oldindan hisobga oladigan strategik dasturlar bilan bog‘lanishi lozim. Zero, metodika bugungi darsni emas, ertangi ta’limni ham belgilaydi.

Kafedralar faoliyatida ilmiy izlanish, metodik yangilik va amaliyot o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikni kuchaytirish, ilg‘or tajribalarni umumlashtirish, zamonaviy pedagogik texnologiyalarni sinovdan o‘tkazish va ularning samaradorligini tahlil qilish bo‘yicha ham tegishli topshiriqlar berildi.