Yangiliklar

img
Wed, 05/22/2024 - 20:27

Yangi nashr: “O‘zbekiston ham vatanimdir”

O‘zbekiston va Ozarbayjon xalqlarining ilm-fani, qadriyatlari, tili va adabiyoti, san’ati  va madaniyati  uyg‘un o‘zanlarda  shakllanib, rivojlanib kelgan.  Bu aloqalar bugungi kunda ham rivojlanib, kengayib bormoqda. Joriy yilning 22-may kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o'zbek tili va adabiyoti universitetida Ozarbayjon va Turkiya Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, Turkiya Fanlar akademiyasining faxriy professori Xuraman Murodova qalamiga mansub “O‘zbekiston ham vatanimdir” kitobining taqdimoti  bo'lib o'tdi.  Universitetimizda tashkil etilgan Fuzuliy nomidagi ilmiy tadqiqot markazi va Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon madaniyat markazi hamkorlikda tashkil etilgan ushbu tadbirga Ozarbayjon respublikasining O'zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Huseyn Guliyev boshchiligida elchixona vakillari ham tashrif buyurdi. Nufuzli mehmonni universitet xalqaro hamkorlik bo'yicha prorektori Nozliya Normurodova kutib oldi. O'zaro suhbat chog'ida elchi janoblari ikki qardosh xalqning madaniyatlarini yaqinlashtirishda amalga oshirib kelayotgan ishlari uchun ToshDO'TAU jamoasiga minnatdorchilik bildirdi va tez orada Ozarbayjonda ochilishi kutilayotgan Alisher Navoiy nomidagi o'zbek tili va madaniyati markazi haqida batafsil ma'lumotga ega bo'ldi. 

 

Mehmonlar Fuzuliy nomidagi ilmiy tadqiqot markazida ham boʻlib, u yerda yaratilgan imkoniyatlar bilan yaqindan tanishdilar. 
Mehmon va mezbonlar birgalikda taqdimot marosimida ishtirok etdilar. Tadbirda so'z olganlar ijodkor qalamiga mansub har bir satrda oʻzbek-ozar xalqlari doʻstligi, ahilligi, fe’l-sajiyasidagi uygʻunlik aks etganini qayd etdilar.