
Yangi nashr: “Nol va cheksizlik o‘rtasidagi protonizm”
2025-yil 5-mart kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida taniqli alban-amerikalik shoir, yozuvchi va munaqqid Gekyo Marinay bilan ijodiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Tadbir universitetning Tarjima nazariyasi va amaliyoti kafedrasi hamda “Kitob dunyosi” gazetasi hamkorligida tashkil etildi. Tadbirni universitet Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori, filologiya fanlari doktori, professor Nozliya Normurodova ochib berdi. Shundan so‘ng, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi maslahatchisi, shoir Salim Ashur, filologiya fanlari doktori, professor Suvon Meli, filologiya fanlari doktori, professor, Jahon adabiyoti va qiyosiy adabiyotshunoslik kafedrasi mudiri Uzoq Jo‘raqulov, yozuvchi va dramaturg Qo‘chqor Norqobil, “Kitob dunyosi” gazetasi bosh muharriri, shoira Xosiyat Rustamova, filologiya fanlari nomzodi, Tarjima nazariyasi va amaliyoti kafedrasi dotsenti Qosimboy Ma’murov, filologiya fanlari nomzodi, O‘zbekiston Milliy universiteti dotsenti Xurshida Jalilova hamda filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori, O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti ilmiy xodimi Barchin Shukurova so‘zga chiqib, o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar. Tadbir davomida Gekyo Marinay o‘zining “Nol va cheksizlik o‘rtasidagi protonizm” nomli yangi kitobi haqida so‘z yuritdi. U kitob yozilish jarayoni, undagi asosiy g‘oyalar va falsafiy mushohadalar xususida batafsil ma’lumot berdi. Ishtirokchilar yozuvchi bilan ochiq muloqot qilib, o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javob olishdi. Uchrashuv universitet talabalari, professor-o‘qituvchilari hamda adabiyot va tarjima sohasiga qiziquvchilar uchun mazmunli va foydali bo‘ldi. Tadbir yakunida muallif kitobining imzoli nusxalarini taqdim etdi.