
Yangi kitoblar taqdimoti boʻlib oʻtdi
20-fevral kuni adabiyot ixlosmandlari uchun unutilmas tadbir bo‘lib o‘tdi. Masofaviy ta’lim kafedrasi dotsenti, filologiya fanlari nomzodi, “Usmon Azim ijodiyoti”, “Jozib ishor izlab” va “Ochiq osmon ostida” kabi kitoblar muallifi Tohir Shermurodovning “Vasatiy poetik tafakkur” va “Hazrati vatangoh” asarlari bilan bir qatorda, 304-guruh talabasi, “Sharq yulduzi” jurnalining nasr bo‘limi muharriri, yozuvchi Bayram Ali Qo‘ldoshevning “Izlam” turkumida chop etilgan “Bosiriq” kitobi taqdimoti o‘tkazildi.
Tadbir davomida kitoblarning yaratilish jarayoni, ularning mazmun-mohiyati va adabiyot olamidagi ahamiyati keng muhokama qilindi. Mehmonlar orasida taniqli adiblar va ijodkorlar ishtirok etdi. Jumladan, “Sharq yulduzi” va “Zvezda Vostoka” jurnallari bosh muharriri Sirojiddin Rauf, “Sharq yulduzi” jurnalining bosh muharrir o‘rinbosari Aziz Said, “Ma’naviy hayot” jurnalining mas’ul kotibi Azim Ro‘ziev, shoirlar Nuriddin Rasulov va Bahodir Jovliyev, shuningdek, iste’dodli ijodkor Charos Avazova tadbirga o‘zining yuksak mulohazalari va qimmatli fikrlari bilan o‘zgacha ruh bag‘ishladi.
Bu taqdimot nafaqat adabiyot ixlosmandlarini, balki yosh ijodkorlarni ham ilhomlantirdi. Tadbir davomida adabiyotning hayotdagi o‘rni, uning bugungi kunda insoniyat tafakkurini boyitishdagi vazifasi xususida qizg‘in suhbatlar bo‘ldi. Tohir Shermurodovning poetik tafakkurga oid nozik tahlillari hamda Bayram Ali Qo‘ldoshevning inson va hayot falsafasini teran aks ettirgan “Bosiriq” asari tadbir ishtirokchilarini chuqur o‘ylantirib, yangi ijodiy izlanishlarga undadi.
Tadbir nihoyasida mehmonlar va qatnashchilar ijodiy fikrlar almashib, adabiy jarayonlar haqida iliq taassurotlar bilan bo‘lishdilar. Bu tadbir adabiyotga bo‘lgan e’tiborning ortib borayotganidan dalolat beruvchi yana bir yorqin namuna bo‘ldi.