
Yangi ilmiy nashr taqdimoti
Joriy yilning 24-oktabr kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o'zbek tili va adabiyoti universitetida FIlologiya fanlari doktori, professor Hakimjon Karimovning "Ixtiyor Rizo poetik olami" nomli monografiyasi taqdimoti bo'lib o'tdi.
Mazkur monografiyaga shoir, publitsist Ixtiyor Rizoning barcha to‘plamlariga, ya’ni “Daraxtlarning ko‘zlari bor”, “U – sensan, manimsan”, “Qanotli, qanotsiz qushlar”, “Menga qo‘shiq aytadilar”, “Girya”, “Mening umrim”, “Umr yo‘llarida”(saylanma) kirgan she’rlari, dostonlari, lahzalari, publitsistik va falsafiy qarashlari aks etgan maqolalari tadqiq va tahlilga tortlilgan. Ularning zamiriga singdirilgan shoirning dunyoqarashi va ijtimoty g‘oyalari mohiyati hamda falsafiy qarashlari she’rlari, dostonlari, lahzalari, maqolalari misolida ilmiy-nazariy jihatdan yoritilib, bu boradagi ijodkor konsepsiyasi aniq faktik misollarda ilmiy mantiq asosida inkishof qilinadi. Monografiya bu bilan cheklanib qolmaydi, u ma’rifiy ahamiyatga ham ega. Ya’ni oliy o‘quv yurtining filolog talablari – bakalavr, magistrlar, adabiyot o‘qituvchilari va adabiy aloqalar masalasi bilan shug‘ullanuvchilar uchun qo‘llanma rolini ham o‘taydi. Va ayni paytda undan “Adabiy aloqalar”, “Ozarbayjon –o‘zbek adabiy aloqalari”, “Mustaqillik davri Ozarbayjon – o‘zbek adabiy aloqalari” kursidan bakalavlar uchun maxsus seminar olib borish, magistrlar uchun esa maxsus kurs o‘qilishi mumkin.
Tadbirda prorektori, filologiya fanlari doktori, professor G.Jo'rayeva, professorlar Samixon Ashirboyev, Safo Matchonov, Qurdosh Qahramonov va yan ko'plab olimlar, iqtidorli talabalar ishtirok etishdi.