Yangi hayot uchun, yangi O'zbekiston uchun!
Ayni paytda yurtimiz ta’lim muassasalarida yangi o‘quv yili boshlandi. Erta tongdan universitet oldida talabalar va ularning ota-onalari, universitet rahbariyati hamda pedagogik jamoasi to'planishdi. Yig’ilish, avvalo, yurtimiz madhiyasini kuylashdan boshlandi. Shundan so‘ng universitetimiz rektori Shuhrat Sirojiddinov barchani yangi o‘quv yili va mustaqilligimizning 32 yilligi bilan qutladi. Rektor Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 7 yillik bosib o‘tgan yo‘li, erishilgan muvaffaqiyatlar, oldindagi rejalar haqida muxtasar fikr bildirdi. 2023-yilda 906 nafar yigit-qizlar ToshDO‘TAUning baxtli talabalari safiga qo‘shildilar. Respublikamiz OTMlarida mavjud ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha eng yuqori kirish ballariga ega bo‘lgan yoshlarga Prezident granti ajratish yo‘lga qo‘yilganligidan xabaringiz bor. Ana shunday baxtli talabalardan 3 nafari aynan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti birinchi bosqichiga qabul qilindi. Bu bilimli talabalarga talabalik guvohnomalari tantanali ravishda topshirildi. Shundan so'ng barcha talabalar uchun mustaqillik darslari boshlandi. Joriy yilda mustaqillik darslari “Yangi hayot uchun, yangi O'zbekiston uchun!” shiori ostida o'tkazildi. Yetuk professorlar tomonidan talabalarga davlatimiz tarixi, taraqqiyot yo'li, yoshlarga oid davlat siyosati haqida muhim ma'lumotlar berildi. Mustaqillik darsi uslubiy qo‘llanma va tarqatma materiallar asosida hayotiy misollar, faktlar va aniq raqamlarga tayanib, zamonaviy axborot texnologiyalardan foydalangan holda o‘tkazildi.






