Yangiliklar

img
Fri, 04/11/2025 - 09:47

Yangi avlod darsliklari mualliflari bilan uchrashuv

Respublikamizda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining Prezident Farmoni bilan tashkil etilishi katta hodisa sifatida qabul qilingani barchamizga ayon. O‘sha Farmonda universitet jamoasi oldiga tilshunoslik, adabiyotshunoslik,  o‘zbek tili va ona tili metodikasi bo‘yicha olib borilayotgan tadqiqotlarni zamon talablari darajasiga ko‘tarish, targ‘ib qilish kabi qator ma’uliyatli vazifalar yuklangan edi. Universitet rektori, akademik Shuhrat Sirojiddinovning rahbarliklarida  ushbu vazifalarni tizimli ravishda bajarish yo‘lida samarali faoliyat olib borilmoqda. Navoiyshunoslik, o‘zbek tili tarixi, hozirgi o‘zbek tili, o‘zbek adabiyoti tarixi, hozirgi o‘zbek adabiyoti, jahon adabiyoti, adabiyot nazariyasi, folklor va dialektologiya sohalarida muhim tadqiqotlar yaratildi, dissertatsiyalar himoya qilindi. Universitet olimlari tomonidan o‘zbek tili va ona tili metodikasini, mavjud darsliklar, metodik adabiyotlarni yaratish  bo‘yicha ham salmoqli ishlar amalga oshirildi. Maktablar uchun zamon talablariga javob beradigan, yetakchi xorijiy davlatlardagi darsliklar yutuqlarini hisobga olgan holda yangi avlod ona tili darsliklari yaratildi va amaliyotga joriy etildi. 
2025-yil 9-aprel kuni yangi avlod ona tili darsliklari mualliflari bilan  ochiq muloqot tashkil etildi. Unda filologiya fanlari doktori, professor Saodat Muhamedova, pedagogika fanlari doktori, professor Klara Mavlonova va boshqa olimlar ishtirok etishdi.