Yana bir Turkiya universiteti bilan hamkorlik oʻrnatildi
Joriy yilning 5-iyun kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetida Turkiyaning “Yangi asr” universiteti Huquq fakulteti dekani Jelal Erbey mehmon boʻldi. Mehmonni universitet xalqaro hamkorlik boʻyicha prorektori Nozliya Normurodova qabul qildi. Suhbat davomida mehmon ToshDOʻTAU bilan keng koʻlamli hamkorlik aloqalarini oʻrnatish, oʻzaro talabalar akademik almashinuvini tashkil etish, professor-oʻqituvchilar tajriba almashishlari uchun imkoniyatlar yaratish boʻyicha oʻz takliflarini bildirdi. Oʻzaro muzokaralar davomida kelgusidagi hamkorlik rejlari tuzib olindi. Jelal Erbayga hamkorlik qilgan sudanlik turk tili oʻqituvchisi Ahmed Fadlulloh Oʻzbekistonda turk tili va madaniyatiga boʻlgan qiziqish balandligini qayd etdi. U oʻzbek va turk tillarini oʻxshash jihatlari koʻpligini ta’kidlab, bajonidil oʻzbek talabalariga turk tilini oʻrgatish istagini bildirdi.
Shuningdek, suhbat davomida tez kunlarda ToshDOʻTAUda ochilajak Yunus Emro nomidagi turk tili va madaniyati markazi oldidagi vazifalar, istiqboldagi rejalar muhokama qilindi.
“Yangi asr” universiteti bilan hamkorlik oʻrnatish boʻyicha tez orada memorandum imzolanishi kutilmoqda.