
Xushxabar
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti THE Impact Rankings 2025da qariyb 100 pogʻonaga koʻtarildi.
Ayniqsa, gender tengligini ta’minlash (SDG 5) yo‘nalishida dunyoda TOP 20 natijaga erishdi. Umumiy ko‘rsatkichlar bo‘yicha universitet 80,5 ball bilan 201-300-o‘rinni (2318 ta institut orasida) qayd etdi. Boshqa BRM yo‘nalishlarida quyidagi natijalar qayd etildi: sifatli ta’lim berish bo‘yicha 23-o‘rin, tinchlik, adolat va mustahkam institutlar sohasida 201-300-o‘rin, barqaror rivojlanish yoʻlida hamkorlik 401-600-o‘rin. Qashshoqlikka barham berish 101-200-oʻrin,tabiatni asrash va farovonlik kabi yo‘nalishlarda ham yuqori ko‘rsatkichlarga erishdi.
Tashkil topganiga endigina 9 yil bo‘lgan universitet uchun bu yuqori darajadagi reytingga kirish va unda munosib natijalar ko‘rsatish, albatta, katta muvaffaqiyat va murakkab vazifa edi. ToshDO‘TAU sifatli ta’lim berish, o‘z yo‘nalishida dolzarb ilmiy tadqiqotlar olib borish va Birlashgan Millatlar tashkilotining Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishga hissa qo‘shish yo‘lida doimiy va tizimli faoliyat yuritmoqda. Shu sababli, global muammolarga yechim topish va jamiyat hayotiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishga qaratilgan harakatlari natijasini ko‘rish mumkin. Universitet 2022-yilda 800+ o‘rinni egallagan bo‘lsa, 2023-yilda dunyoning TOP 600+ universitetlari qatoriga kirib, 2024-yilda 301-400-o‘rin oralig‘ida joy olgan edi. Bu natijalar ToshDO‘TAU ning ilmiy va ijtimoiy sohada qo‘lga kiritayotgan yutuqlarini va global miqyosda o‘ziga xos o‘rin tutishga intilayotganini yaqqol ko‘rsatadi. Universitet kelajakda ham ushbu yo‘nalishlarda rivojlanishni davom ettirishi kutilmoqda.