Yangiliklar

img
Tue, 05/06/2025 - 17:40

Xotira va qadrlash

2025-yil 9-may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti talabalari poytaxtimizdagi Xotira va qadrlash maydoniga tashrif buyurishdi. Ushbu tashrif yoshlar qalbida milliy g‘urur, tarixiy xotiraga hurmat va tinchlik qadriga yetish tuyg‘ularini mustahkamlash maqsadida tashkil etildi.  Tadbir davomida talabalar “Motamsaro ona” haykali poyiga gulchambar qo‘yib, Ikkinchi jahon urushi yillarida halok bo‘lgan yurtdoshlarimiz, bugungi tinch va osoyishta hayotimiz asoschilarini chuqur hurmat bilan yod etishdi. Hurmat bajo keltirilgan ushbu daqiqalarda talabalarning ko‘zida faxr, g‘urur va ta’sir uyg‘otgan taassurotlar yaqqol namoyon bo‘ldi.
Universitet tyutorlari ham mazkur tadbirda faol ishtirok etib, yoshlarga xalqimiz boshidan kechirgan og‘ir sinovlar va bugungi tinchlikning qadri haqida hayotiy saboqlar berdilar.
Mazkur tashrif talabalarning tarixiy xotiraga bo‘lgan hurmatini yanada kuchaytirib, ularni tinchlik va barqarorlikni asrash, yurt taraqqiyoti yo‘lida fidoyilik bilan xizmat qilishga da’vat etdi.