Xorijlik magistrlarga diplomlari topshirildi
2021-yilda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetida mamlakatimizda ilk bor masofaviy shakldagi magistratura uchun qabul e’lon qilindi. Shu yilning oʻzida Oʻzbek tili va adabiyoti mutaxassisligi boʻyicha 34 nafar qozogʻistonlik talaba magistraturada tahsil olishni boshladilar. Universitetning eng malakali va salohiyatli professorlari talabalarga saboq berishdi. Talabalarning xohishlariga koʻra moslashuvchan dars grafiklari tuzilib, barcha mashgʻulotlar yuqori sifatda olib borildi.
Ikki yillik mehnatning samarasi oʻlaroq magistrantlar dolzarb mavzularda dissertatsiya yozib, muvaffaqiyatli himoya qildilar.
Joriy yilning 19-avgust kuni ularga magistrlik diplomlari tantanali topshirildi.
Endilikda bitiruvchilarimiz oʻz mamlakatlarida oʻzbek tili, adabiyoti va madaniyatini targʻib qiladilar, bu borada bizning ishonchli vakillarimizga aylanadilar. Biz ularga ilmiy va kasbiy faoliyatlarida muvaffaqiyatlar yor boʻlishini tilab qolamiz.



