Xorijdagi o'zbek tili o'qituvchilari uchun o'quv kurslari boshlandi
Joriy yilning 1-iyul kunidan qo'shni davlatlarda yashab, faoliyat olib borayotgan o'zbek tili va adabiyoti fani o'qituvchilari uchun maxsus o'quv kurslari boshlandi. "Vatandosh" jamoat fondi, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o'zbek tili va adabiyoti universiteti hamda qator hamkor tashkilotlar ko'magida tashkil etilayotgan o'quv kurslarida Qozog'iston, Tojikiston, Qirg'iziston singari davlatlardan kelgan yigirma bir nafar muallim ishtirok etmoqda. O'quv kurslarini universitetimizning atoqli professorlari Nurboy jabborov, Muhayyo Hakimova, Dilnavoz Yusupova va Klaraxon Mavlonovalar olib boradi. Olimlarimiz Nurboy Jabborov va Dilnavoz Yusupovalar o'zbek adabiyoti tarixi, navoiyshunoslik, jahon adabiyotida o'zbek adabiyotining tutgan o'rni haqida ma'ruzalar olib borishsa, o'zbek tilshunosligining nazariy va amaliy masalalari xsuusida Muhayyo Hakimova mashg'ulotlar o'tkazadi. O'zbek tili va adabiyotini maktablarda o'qitish muammolariga bag'ishlangan ma'ruzalarni Klaraxon Mavlonova olib boradi.
Bu xayrli loyiha mamlakatimizning rahbarining xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarni tarixiy Vatani atrofida yanada jipslashtirish, ularning qalbi va ongida yurt bilan faxrlanish tuyg‘usini yuksaltirish, milliy o‘zlikni saqlab qolish, vatandoshlar va ular tomonidan tuzilgan jamoat birlashmalarini qo‘llab-quvvatlash, turli sohalarda faoliyat yuritayotgan vatandoshlarimizning salohiyatini mamlakatimiz taraqqiyotiga samarali yo‘naltirishdek g'oyalarining amaldagi natijasi hisoblanadi.