
Xorijdagi o‘zbek tili o‘qituvchilari uchun malaka oshirish kurslari tashkil etildi
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti “Vatandoshlar” jamoat fondi va boshqa hamkor tashkilotlar bilan hamkorlikda Qozog‘iston, Qirg‘iziston hamda Tojikistondan kelgan o‘zbek tili o‘qituvchilari uchun21-27-iyul kunlari qisqa muddatli malaka oshirish kurslarini tashkil etdi.
Ushbu kurslar doirasida xorijdagi o‘qituvchilarga o‘zbek tilini zamonaviy yondashuvlar asosida o‘qitish metodikasi, nutqiy ko‘nikmalarni rivojlantirish, didaktik manbalar bilan ishlash kabi yo‘nalishlarda amaliy va nazariy mashg‘ulotlar o‘tkazildi.
Mashg‘ulotlarni ToshDO‘TAUning yetuk professor-o‘qituvchilari — professor Nurboy Jabborov, professor Klaraxon Mavlonova, professor Zulxumor Mirzayeva, professor Muhayyo Hakimova hamda yosh olim Oʻtkir Yoʻldoshev olib bordilar.
Iyul oyida 5 kun davom etgan ushbu kurslarda 30 dan ortiq xorijdagi o‘qituvchilar faol ishtirok etdi. ToshDO‘TAU xorijda yashayotgan vatandoshlarimiz bilan uzviy aloqalarni mustahkamlash, o‘zbek tilini targ‘ib etish va o‘qituvchilarning malakasini oshirish borasidagi faoliyatini davom ettiradi.