Xorijda eng ko'p bitiruvchilari bo'lgan Indoneziya universiteti bilan hamkorlik o'rnatilmoqda
13-aprel kuni universitetimizga Indoneziyaning O'zbekistondagi elchixonasi birinchi kotibi Sinitia Kristiani Saih hamda Indoneziyadagi Makassar Muhammadiya universiteti Ingliz kafedrasi dotsenti doktor Eny Syatriana tashrif buyurdi. O'tgan yili universitetimizda rasman ochilgan "O'zbek maktabi"ning tantanali taqdimoti qatnashgan Indoneziya elchixonasi vakillari o'zaro hamkorlikning porloq istiqboliga ishonch bildirgan edilar. Shundan so'ng ikki tomonlama hamkorlikning navbatdagi - amliy bosqichiga o'tish taklifi bildirildi. Bugun ushbu takliflar samarasi o'laroq bitiruvchilari nafaqat mamlakatda, balki xorijda ham eng ko'p tarqalgan yirik Indoneziya universiteti bilan hamkorlik haqida muzokaralar olib borildi.
Bugungi muloqotda Indoneziyaning Makassar Muhammadiya universitetida O'zbek tili va madaniyati markazini ochish hamda ToshDO'TAUda ham Indoneziya tili va madaniyati markazini tashkil etish masalasi muhokama qilindi. Bundan tashqari talabalarning akademik almashinuvini yo'lga qo'yish, birgalikda Osiyo madaniyatini targ'ib etuvchi loyihalarni amalga oshirish, Erasmus+ doirasida yirik dasturlarni ilgari surish singari takliflar ham bildirildi.

Tez orada ushbu muzokalarning ijobiy natijasi o'laroq hamkorlikning strategik mexanizmlari tayyorlanadi va amaliyotga tatbiq etiladi.


