
Xitoylik talabalar universitetimizda oʻzbek tili va madaniyatini oʻrganadilar
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti va Shanxay xalqaro universiteti o‘rtasida yo‘lga qo‘yilgan ilmiy-ta’limiy hamkorlik izchil davom etmoqda. Hamkorlik doirasida har yili ToshDOʻTAUdan bir nafar o‘qituvchi Shanxay xalqaro universitetiga yuborilib, u yerda o‘zbek tili va madaniyatidan saboq beradi. Birinchi yili dotsent Mardon Rahmatov Xitoyga yuborilgan boʻlsa, hozirda PhD Muazzam Dadaxanova mazkur mas’uliyatli vazifani samarali bajarib kelmoqda.
Joriy o‘quv yilida ushbu hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarildi. Shanxay xalqaro universitetining 6 nafar talabasi akademik mobillik dasturi asosida Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida o‘qishni boshladi. Ular bir yil davomida universitetda ta’lim olishadi, ilmiy-tadqiqot va madaniy-ma’rifiy jarayonlarda qatnashadi. Bu talabalar ilgari ikki yil davomida Shanxayda o‘zbek tili va adabiyotini chuqur o‘rganib, endilikda o‘z bilimlarini Toshkentda bevosita akademik muhitda mustahkamlash imkoniga ega bo‘ladilar.
Talabalarni universitetning ilmiy ishlar, innovatsiyalar va xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektori, filologiya fanlari doktori Nozliya Normurodova qabul qildi. Suhbat davomida ular hamkorlik dasturining istiqbollari, akademik mobillik imkoniyatlari va integratsiyalashgan ta’lim muhiti haqida fikr almashdilar. Nozliya Normurodova xorijiy talabalar uchun yaratilgan sharoitlar, o‘zbek tili va adabiyotining xalqaro miqyosda o‘rganilishidagi yangiliklar, shuningdek, ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasidagi hamkorlikning kelgusi yo‘nalishlariga alohida e’tibor qaratdi.
Mazkur tashabbus nafaqat o‘zbek tilining dunyo miqyosida o‘rganilish doirasini kengaytiradi, balki ikki xalqning ilmiy-madaniy aloqalarini mustahkamlaydi hamda yosh tadqiqotchilar uchun yangi ilmiy ufqlarni ochadi.