Xitoylik tadqiqotchining o'zbek tilidagi dissertatsiyasi himoyasi bo'lib o'tdi
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o'zbek tili va adabiyoti universitetida xitoylik tadqiqotchi Da Zenxinning filologiya fanlari bo'yicha falsafa doktori ilmiy darajasini olish uchun yozgan dissertatsiyasi himoyasi bo'lib o'tdi. Da Zenxinning professor Saodat Muhamedova ilmiy rahbarligida tayyorlagan “O‘zbekcha va xitoycha maqollarning lingvistik tadqiqi” mavzusida yozgan dissertatsiyasi uzoq yillik ilmiy izlanishlar natijasidir. 2016-yilda Da Zenxin Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o'zbek tili va adabiyoti universitetiga kelgan. U shu davrgacha o'zbek tilini o'rgandi va o'zbek tilida dissertatsiya yozdi. Ushbu tadqiqot ishi o'zbek va xitoy xalqlarining madaniy hayotiga bog'liq bo'lgan yirik fundamental tadqiqot sanaladi.
Da Zenxin tadqiqotni yozish jarayonida o‘zbekcha-xitoycha lug‘at tayyorladi. Bu lug‘atdan 3 milliondan ortiq so‘z va so‘z birikmasi, shulardan 3754 ta maqol joy olgan (lug‘atning umumiy sahifasi 3434 betdan iborat).

