Xavfsiz hayot — har birimizning mas’uliyatimiz
2025-yil 3-noyabr kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida “Kelajak soati” loyihasi doirasida “Xavfsiz hayot” mavzusiga bag‘ishlangan navbatdagi mashg‘ulot bo‘lib o‘tdi. Tadbirning asosiy maqsadi talabalar ongida xavfsizlik madaniyatini shakllantirish, favqulodda vaziyatlarda to‘g‘ri harakatlanish ko‘nikmalarini mustahkamlash hamda ularni hushyorlik va mas’uliyat ruhida tarbiyalashdan iborat bo‘ldi.
Mazkur mashg‘ulotda Yakkasaroy tumani Favqulodda vaziyatlar bo‘limi 18-yong‘in qutqaruv qismi xodimlari — Rustamov Jamshid, bo‘lim profilaktika va nazorat bo‘yicha inspektori kapitan Raximov Zohid Nodirbek o‘g‘li hamda katta inspektor mayor Umedov Alisher O‘tkirovich ishtirok etdilar. Ular o‘zlarining kasbiy tajribalari asosida talabalar bilan samarali muloqot olib bordilar.
Uchrashuv davomida yong‘in xavfsizligi, tabiiy ofatlar yoki boshqa favqulodda vaziyatlarda to‘g‘ri harakatlanish, jabrlanganlarga birinchi yordam ko‘rsatish hamda shaxsiy xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha muhim ma’lumotlar berildi. Mutaxassislar yong‘in chiqqan paytda qanday yo‘l tutish, yordam chaqirish tartibi va o‘z hayotini asrash uchun zarur amaliy choralar haqida batafsil tushuntirishdi.

Tadbir davomida interaktiv savol-javoblar tashkil etildi. Talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan aniq va foydali javoblar olishdi. Bu muloqot nafaqat bilimni boyitdi, balki talabalarni faol fikrlash va hayotiy vaziyatlarda to‘g‘ri qaror qabul qilishga undadi.

Uchrashuv yakunida “Xavfsiz hayot — har birimizning mas’uliyatimiz” degan g‘oya alohida ta’kidlandi. Tadbir ishtirokchilarida hushyorlik, ehtiyotkorlik va mas’uliyat tuyg‘usini oshirish, xavfsiz hayot madaniyatini yanada mustahkamlashga xizmat qildi. Shu tariqa, “Kelajak soati”ning ushbu mashg‘uloti talabalar hayotida muhim saboq bo‘lib, ularni ogoh va mas’uliyatli fuqarolar sifatida shakllanishiga hissa qo‘shdi.

