
Xalqaro nashrlarda maqola chop etish muammolari muhokama qilindi
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti ilmiy bo‘limi tomonidan doktorant va izlanuvchilar uchun tashkil etilgan an'anaviy ilmiy-metodologik seminar o‘z faoliyatini davom ettirmoqda. Har hafta o‘tkazilayotgan ushbu seminar ilmiy tadqiqot olib borayotgan yosh olimlar va doktorantlar uchun muhim metodik ko‘rsatmalar berish, ularning ilmiy salohiyatini oshirish hamda zamonaviy ilmiy yondashuvlar bilan tanishtirishga qaratilgan.
5-mart kuni bo‘lib o‘tgan navbatdagi seminar xalqaro talablar asosida nufuzli ilmiy nashrlarda maqolalar chop etishning dolzarb muammolariga bag‘ishlandi. Seminarga Angliyaning Lids universiteti bitiruvchisi, Kanadaning Toronto universitetida uzoq yillar faoliyat yuritgan olima, Global ta’lim bo‘yicha ekspert, PhD Nodira Isamuxamedova taklif etildi. Tajribali mutaxassis sifatida u ilmiy maqolalar yozish metodologiyasi, xalqaro jurnallarga maqolalarni jo‘natish jarayonlari, SWOT tahlil usuli va ilmiy tadqiqotlarni takomillashtirish bo‘yicha qimmatli tavsiyalar berdi.
Seminar davomida ishtirokchilar ilmiy maqolalarni xalqaro ilmiy bazalarga kiritish jarayonida duch keladigan qiyinchiliklar, nufuzli jurnallarga maqolalarni jo‘natish tartibi, tadqiqot natijalarini sifatli bayon etish hamda ilmiy tahlillarni mustahkamlash usullari bo‘yicha muhim ma’lumotlarga ega bo‘lishdi. Shuningdek, maqolalarning ilmiy jurnallar tomonidan qaytarilishi sabablarini tahlil qilish, xalqaro ilmiy jamoatchilik tomonidan maqbul hisoblangan yozish me’yorlari va zamonaviy akademik standartlar haqida fikr almashildi.
Seminar universitet ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori, filologiya fanlari doktori, professor Nozliya Normurodova tomonidan boshqarildi. U tadqiqotchilar uchun bu kabi ilmiy-metodologik seminarlarning ahamiyatini ta’kidlab, xalqaro miqyosda ilmiy faoliyat olib borish uchun aniq strategiya va puxta rejalashtirish zarurligini qayd etdi.
Tadbir ishtirokchilari Nodira Isamuxamedovaning ilmiy tajribasi va tavsiyalaridan ilhomlanib, o‘z maqolalarini xalqaro standartlarga mos ravishda tayyorlash va nufuzli ilmiy jurnallarda chop etish bo‘yicha yangi maqsadlar belgilashdi.
An’anaviy ilmiy-metodologik seminarlar har hafta chorshanba kuni tashkil etiladi va barcha tadqiqotchilar hamda izlanuvchilar uchun ochiq bo‘lib, ilmiy izlanishlarga yangicha yondashuvlarni tatbiq etishda muhim platforma bo‘lib xizmat qiladi.