Xalqaro konferensiyalar va ilmiy hamkorlik
2026-yil 21–23-avgust kunlari Qozog‘iston Respublikasida xalqaro ilmiy hamkorlikni rivojlantirish, milliy va umuminsoniy qadriyatlarning zamonaviy jamiyat taraqqiyotidagi o‘rnini muhokama qilishga bag‘ishlangan qator xalqaro ilmiy anjumanlar bo‘lib o‘tdi.
Jumladan, Ostona shahridagi Lev Nikolayevich Gumilyov nomidagi YevroOsiyo milliy universitetida “An’anaviy va zamonaviy dialog: ma’naviy madaniyat — milliy identiklik asosi” mavzusida xalqaro nazariy konferensiya tashkil etildi. Mazkur anjuman an’anaviy qadriyatlar va zamonaviy ijtimoiy-madaniy jarayonlar o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarni ilmiy-nazariy jihatdan tahlil qilish, turli xalqlarning ma’naviy merosi, milliy o‘ziga xosligi va madaniy taraqqiyot tajribalarini o‘rganish nuqtayi nazaridan muhim ilmiy-amaliy ahamiyat kasb etdi.
Xalqaro konferensiyada Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining “Ijtimoiy-gumanitar fanlar” kafedrasi professori N. Nazarov hamda kafedra mudiri K. Abdurazakova faol ishtirok etib, o‘zlarining ilmiy ma’ruzalari bilan qatnashdilar.
Konferensiya davomida ma’naviy madaniyatning jamiyat taraqqiyotidagi o‘rni, milliy qadriyatlarning avlodlar davomiyligini ta’minlashdagi ahamiyati, an’ana va zamonaviylik munosabati, globallashuv sharoitida milliy identiklikni saqlash va rivojlantirish masalalari yuzasidan fikr almashildi. Shuningdek, zamonaviy ijtimoiy jarayonlarning milliy madaniyat va ma’naviy qadriyatlarga ta’siri, yosh avlodning milliy o‘zlikni anglashida ta’lim va madaniyatning o‘rni kabi dolzarb masalalarga alohida e’tibor qaratildi.
Ilmiy anjumanda turli mamlakatlarning olimlari, professor-o‘qituvchilari, tadqiqotchilari va ilmiy jamoatchilik vakillari ishtirok etib, o‘zaro ilmiy tajriba almashish, yangi ilmiy qarashlar va tadqiqot yo‘nalishlarini muhokama qilish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Mazkur muloqot ijtimoiy-gumanitar fanlar sohasidagi xalqaro ilmiy aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qildi.

Tashrif doirasida Qozog‘iston Respublikasining Shuchinsk (Burabay) shahrida ham xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi. Unda universitetimiz vakillari ilmiy ma’ruzalari bilan ishtirok etib, ijtimoiy-gumanitar fanlarning dolzarb masalalari, ma’naviy-madaniy qadriyatlar va zamonaviy taraqqiyot jarayonlari yuzasidan o‘z ilmiy qarashlarini bayon etdilar.
Mazkur ilmiy tadbirlar nafaqat ilmiy fikr va tajriba almashish, balki oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi uzoq muddatli hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish uchun ham muhim imkoniyat yaratdi. Konferensiyalar doirasida ikki tomonlama uchrashuvlar va muzokaralar o‘tkazilib, ilmiy-tadqiqot faoliyati, professor-o‘qituvchilar va tadqiqotchilar akademik almashinuvi, xalqaro ilmiy loyihalarni amalga oshirish, qo‘shma konferensiya va seminarlar tashkil etish masalalari muhokama qilindi.
Muhokamalar yakunida universitetlar o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli ilmiy-ta’limiy hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida avval tuzilgan o‘zaro hamkorlik memorandumi yangilandi. Yangilangan memorandum ikki tomon o‘rtasidagi ilmiy va akademik aloqalarni mustahkamlash, hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini belgilash hamda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun muhim huquqiy va tashkiliy asos bo‘lib xizmat qiladi.

Xususan, kelgusida ilmiy-tadqiqot yo‘nalishlarida hamkorlikni kengaytirish, ilmiy-amaliy konferensiyalar, seminarlar, davra suhbatlari va mahorat darslarini birgalikda tashkil etish, professor-o‘qituvchilar hamda yosh tadqiqotchilar o‘rtasida akademik tajriba almashinuvini rivojlantirish, qo‘shma ilmiy izlanishlar va nashriyot loyihalarini amalga oshirish uchun yangi imkoniyatlar yaratish ko‘zda tutilmoqda.
Ta’kidlash joizki, bunday xalqaro ilmiy tadbirlarda universitet professor-o‘qituvchilarining faol ishtiroki oliy ta’lim muassasasining xalqaro ilmiy makondagi nufuzini oshirish, ilmiy salohiyatini namoyon etish hamda xorijiy hamkor tashkilotlar bilan samarali aloqalarni rivojlantirishga xizmat qiladi.

