Yangiliklar

img
Sat, 02/17/2024 - 15:47

Xalq maqomlari - bebaho boyligimiz

Xalqimiz madaniy merosining ajralmas qismi bo‘lgan milliy maqom san’atini keng targ‘ib etish, uning o‘ziga xos ijro maktablari va an’analarini yangi bosqichda ravnaq toptirish muhimdir.  2023-yil 22-dekabrda bo'lib o'tgan Respublika Ma'naviyat va ma'rifat kengashining kengaytirilgan yig'ilishida ham mazkur masala  Prezidentimiz tomonidan alohida qayd etildi. Prezidentimiz har tashkilot va muassasalarda  "Maqom kechalari"ni tashkil etish zarurligini alohida ta'kidlab o'tdi. 
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o'zbek tili va adabiyoti universitetida nazm va navo kechalarini doimiy ravishda  tashkil etish yaxshi an'anaga aylanga. Xususan, 2024-yilning 17-fevral kuni O‘zbek filologiyasi fakulteti tomonidan "Alisher Navoiy va Bobur gulshaniga navolar tashrifi"  deb nomlangan badiiy-ma'rifiy kecha bo‘lib o‘tdi. Tadbirni universitet rektori, akademik Shuhrat Sirojiddinov ochib berdi. Filologiya fanlari doktori, professor Samixon Ashirboyev tashabbusi bilan tashkil etilgan nazm va navo kechasida Navoiy hamda Bobur qalamiga mansub betakror g‘azallar asosidagi maqomlar ijro etildi.  Samixon Ashirboyev tomonidan kuylangan katta ashulalarning jonli ijrosi barchaga birdek manzur bo‘ldi. Kechaga tashrif buyurgan adabiyotshunos,  tilshunos,  tarixshunos olimlar,  Samixon Ashirboyevning safdoshlari, shogirdlari, talabalar chin ma'noda g‘azallar bo‘stoniga kuylar og‘ushida sayr etdilar. Tadbirda so‘z olganlar serqirra olim Samixon Ashirboyevning bu tashabbusini olqishladilar.  Yaxshi an'anaga aylanib borayotgan "Nazm va navo" kechalarini barcha intiqib kutayotgani qayd etildi.  
Jami 10 ta maqomdan iborat dasturni navoiyshunos va boburshunos olimlar chiqishlari yanada boyitdi.