
Vazir talabalar uchun yaratilgan sharoitlar va kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik holati bilan tanishdi
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida talabalar uchun yaratilgan sharoitlar, turar-joy bilan ta’minlash tizimi hamda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik jarayonlari bilan tanishdi.
Vazir universitet rektori, akademik Shuhrat Sirojiddinov boshchiligidagi mas’ullar tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarni tingladi. Mazkur yo'nalishlarda universitetda amalga oshirilgan ishlar tanqidiy tahlil qilindi va samaradorlikni oshirish bo‘yicha ayrim kamchiliklar aniqlanib, ularni bartaraf etish bo‘yicha takliflar bildirildi, mas'ullarga tegishli topshiriqlar berildi.
Shuningdek, vazir TTJdagi xonalar, umumiy hududlar, sog‘lomlashtirish markazi, ma’naviyat xonasi hamda imkoniyati cheklangan talabalar uchun yaratilgan sharoitlarni ham ko‘zdan kechirdi. Bugungi kunga kelib TTJda 542 nafar, ijarada esa 2236 nafar talabalar yashamoqda. Bu raqamlar talabalarning yashash sharoitlarini yaxshilash va turar joyni samarali boshqarish bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng qamrovli ishlarni aks ettiradi.
Energiya ta’minoti va yashash sharoitlarini yaxshilash bo‘yicha ham tizimli ishlar olib borilmoqda. Jumladan, 150 kVt quvvatga ega quyosh panellari, 4000 litr hajmli quyosh suv isitkich kollektorlari va 120 kVt quvvatli, jami 100 dona tashqi yoritish chiroqlari talabalarning qulay yashashini ta’minlaydi.
Talabalar turar joylarini anomal sovuq davrlarida markaziy isitish tizimi ishlamay qolsa, qo‘shimcha muqobil isitish tizimi sifatida har biri 300 kVt quvvatga ega ikki dona generator ishlashga tayyor. Ularni uzluksiz ishlashi uchun 10 tonna suyuq yoqilg‘i (solyarka) maxsus sisternada saqlanmoqda.
Vazir universitetdagi sharoitlar bilan tanishib chiqdi va kamchiliklarni bartaraf etish hamda ishlarni yanada samarali tashkil etish bo‘yicha mas’ullarga ko‘rsatmalar berdi. Shu bilan birga, talabalarga qulay va xavfsiz yashash sharoitlarini yaratish bo‘yicha sa’y-harakatlarni davom ettirish zarurligi ta’kidlandi. Ushbu tashrif universitetning zamonaviy energiya va turar joy tizimlarini yanada rivojlantirish, talabalarga bundan-da qulay yashash muhiti yaratish hamda ijtimoiy infratuzilmani mustahkamlashga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.