Yangiliklar

img
Fri, 11/07/2025 - 11:31

“Uyg‘onish” ilmiy-adabiy to‘garagi o‘z faoliyatini boshladi

2025-yil 5-noyabr kuni O‘zbek adabiyoti va uni o‘qitish metodikasi kafedrasi huzurida tashkil etilgan “Uyg‘onish” ilmiy-adabiy to‘garagi o‘z faoliyatini rasman boshladi. Mazkur to‘garak adabiyotga mehr qo‘ygan, ilmiy izlanishlarga qiziqadigan talabalarni birlashtirish, ularni mustaqil fikrlash va tahliliy yondashuv ruhida tarbiyalashni maqsad qilgan. To‘garak rahbarlari — Quvonchbek Mamiraliev, Nasiba Jo‘raqulova va Husan Maqsudov bu yo‘nalishda muntazam ilmiy-adabiy mashg‘ulotlarni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirgan.

To‘garak faoliyati o‘zbek adabiyotshunosligidagi dolzarb mavzularni o‘rganish, zamonaviy ilmiy-nazariy tadqiqotlar bilan tanishish, adabiy matn tahlilini chuqur o‘rganish, shuningdek, adabiy bahs-munozara va erkin fikr almashinuvini rivojlantirishga qaratilgan. Har bir mashg‘ulotda badiiy adabiyotning mumtoz yoki zamonaviy namunalari tanlab olinadi, ular asosida ilmiy-nazariy mushohadalar yuritiladi, adabiy tahlillar amalga oshiriladi. Talabalar o‘z fikr-mulohazalarini bayon etish, adabiy asarlarga mustaqil yondashish imkoniga ega bo‘ladilar.

To‘garak mashg‘ulotlarining asosiy maqsadi — talabalarning o‘zbek adabiyotshunosligi rivoji, badiiy ijod, tahlil va tadqiqot yo‘nalishlaridagi qarashlariga quloq tutish, ularni adabiy-estetik bahs madaniyatiga o‘rgatishdir. Shu bilan birga, universitetdagi iste’dodli va ijodkor talabalar faoliyatiga ham e’tibor qaratilib, har bir mashg‘ulot yakunida ularning she’r, hikoya yoki maqolalaridan namunalar tinglanadi.

 

“Uyg‘onish” ilmiy-adabiy to‘garagi yig‘ilishlari har oyda bir marta o‘tkazilib boriladi. Unda o‘zbek adabiyoti, badiiyat, mumtoz va zamonaviy adabiyotga mehr qo‘ygan barcha talabalar, adabiyot ixlosmandlari, shuningdek, professor-o‘qituvchilar ham ishtirok etishlari mumkin.

 

Mazkur to‘garakning faoliyati yoshlar orasida kitobxonlik madaniyatini oshirish, adabiyotga muhabbatni kuchaytirish va kelajak adabiyotshunos, tanqidchi hamda ijodkorlarni tarbiyalash yo‘lida muhim ahamiyat kasb etadi.