
Ustozlarimiz o'zbek tili bayram tadbirlarida
Til - davlat timsoli, mulki, ruhi, millatning madaniy va ma'naviy boyligi, urf-odati, tarixidir. O'zbek tiliga davlat tili maqomi berilganligining 35 yilligi munosabati bilan yurtimizning barcha maskanlarida, tashkilot va muassasalarda turli tadbirlar, davra suhbatlari va anjumanlar o'tkazilmoqda. Allisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o'zbek tili va adabiyoti universiteti professorlari ushbu tadbirlarda ishtirok etib, ona tilimining qudrati, uning jozibasi va millatimiz taqdirida tutgan o'rni haqida ma'ruzalar qilishdi.
21-oktabr kuni Mikrokredit band bosh ofis xodimlari uchun “Qadring baland bo‘lsin, ona tilim” mavzusida maʼnaviy-maʼrifiy tadbir tashkil etildi. Ushbu tadbirda universitetimiz professori, Filologiya fanlari doktori Uzoq Jo‘raqulov ishtirok etdi. Tadbirda o‘zbek tilining ahamiyati, har bir inson o‘z ona tilini bilishi, uni kelajak avlodga yetkazishda oiladagi maʼnaviy muhitning ahamiyati to‘g‘risida fikr-mulohazalar bildirildi.
Universitetimiz O‘zbek adabiyoti tarixi va matnshunoslik kafedrasi mudiri, filologiya fanlari doktori, professor Nurboy Jabborov “Ma’rifat ulashib” loyihasi doirasida Toshkent shahridagi Vebster universiteti va unga biriktirilgan Toshkent viloyati Parkent tumanidagi 46- va 47-maktablarda o‘tkazilgan adabiy-ma’rifiy tadbirlarda ishtirok etdi. Tadbirlar davomida she'riyatga qiziqqan zukko o'quvchilar va o'qituvchi-murabbiylar bilan qizg‘in muloqotlar qilindi hamda eng faol o'quvchilarga maxsus sovg'alar topshirildi.
Madaniyat vazirligi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan dо‘stlik aloqalari qо‘mitasida “О‘zbek tili – xalqimizni birlashtiradigan qudratli kuchdir” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir bо‘lib о‘tdi. Tadbirda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat о‘zbek tili va adabiyoti universiteti universiteti dotsenti, filologiya fanlari doktori Gulbahor Ashurova va talabalari ishtirok etishdi.
Toshkent shahar IIBB shaxsiy tarkibi bilan o‘tkazilgan navbatdagi Maʼnaviyat va maʼrifat darsi “O‘zbek tili – o‘zligimiz timsoli” mavzusiga bag‘ishlandi. Tadbirda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti vakili Abdumurod Tilavov maʼruza qildi. U o‘z nutqida, o‘zbek tili jonajon Vatanimizda yashayotgan barcha fuqarolarimiz uchun aziz va qadrli tilga aylanishi, uning jozibadorligini oshirish uchun barcha kuch va imkoniyatlarni safarbar etishimiz zarurligini taʼkidlab o‘tdi. Zero, til – o‘zligimizni anglash ramzi, unga bo‘lgan hurmat, xalqimizga, uning betakror madaniyati va tarixiga hurmatdir.
O'zbek tiliga davlat tili maqomi berilganligining 35 yilligi munosabati bilan 21-oktyabr kuni Toshkent shahridagi Prezident maktabida "O'zbek tilim-iftixorim!" shiori ostida tantanali til bayrami kechasi tashkil etildi. Tadbirda tadbirga tashrif buyurgan mehmon Alisher Navoiy nomidagi universitetimizning O'zbek tili va adabiyoti ta'limi kafedrasi professori, pedagogika fanlari doktori Klaraxon Mavlonova ishtirok etib, “Davlat tili to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilinishini va unga ko‘ra O‘zbek tiliga - Davlat tili maqomi berilganligi hamda xalqimizning muqaddas qadriyatlaridan biri bo‘lgan ona tilimiz o‘zining qonuniy maqomi va himoyasiga ega bo‘lgani haqida gapirib o’tdi.