
Ustozlar ibrati - qalblar ziynati
Adabiyot olamida chuqur iz qoldirgan navoiyshunos olim Botirxon Akramov xotirasiga bag‘ishlangan tadbir 25-fevral kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida bo‘lib o‘tdi. Ushbu tadbir olimning ilmiy merosini yodga olish, uning adabiyotga qo‘shgan ulkan hissasini yana bir bor anglash uchun imkoniyat yaratdi.
Tadbirda olimning yaqinlari, farzandlari, shogirdlari, talaba yoshlar hamda adabiyotshunos olimlar ishtirok etishdi. Adabiyotshunoslar Bahodir Karimov, Aftondil Erkinov, Nusratillo Jumaxo‘jalar Botirxon Akramovning ilmiy faoliyati, uning Navoiy ijodiga bag‘ishlangan tadqiqotlari haqida qimmatli fikrlar bildirishdi. Ma’ruzachilar olimning she'riyat sohasidagi tadqiqotlari, navoiyshunoslikka oid maqolalari, monografiya va risolalarini qayd etib, uning adabiyot ilmi rivojiga qo‘shgan hissasini yuksak baholadilar.
So‘zga chiqqanlar Botirxon Akramovning insoniy fazilatlari haqida ham to‘xtalib o‘tishdi. Ustozning adabiyotga bo‘lgan cheksiz muhabbati, samimiyati va shijoati minglab talabalar, o‘nlab shogirdlarga ilhom va ibrat bo‘lib kelayotganini ta’kidladilar. Tadbir davomida olimning mumtoz adabiyot, xususan, Navoiy ijodini chuqur tushungani, shoirning bayt-misralarini yoddan bilishi, arab, fors va qadimgi turkiy tillar bo‘yicha bilimdonligi esga olindi. Shuningdek, uning lug‘atchilik va lug‘atshunoslik sohasidagi qiziqishi ham alohida e’tirof etildi.
Tadbir ishtirokchilari olimning ilmiy merosiga doir o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga javob oldilar. Ularning taassurotlari va samimiy fikr-mulohazalari tadbirga yanada iliqlik bag‘ishladi. Bu uchrashuv nafaqat xotira tadbiri, balki navoiyshunoslik ilmi va adabiyotga bag‘ishlangan yuksak hurmat namoyoni bo‘ldi. Botirxon Akramovning ilmu fanga, adabiyotga qo‘shgan hissasi mangu yashaydi, uning izdoshlari esa bu bebaho merosni yanada boyitishda davom etadilar.