
Usmon Nosirni xotirlab
2023-yil 17-noyabr kuni Toshkent shahar "Bilim" axborot-kutubxona markazida "Kitobxon onalar" kuni munosabati bilan, "Kitobxon-ona va kitobxon - bola" klubi doirasida, o‘zbek xalqining zabardast ijodkori, olovqalb shoir Usmon Nosir ijodiga bag‘ishlangan "Usmon Nosir - o‘zbek Pushkini" mavzusida davra suhbati tashkil etildi. Tadbirda universitetimiz professori adabiyotshunos olim professor Nurboy Jabborov ham ishtirok etdi. Chilonzor tumani "Oqila ayollar" guruhi a’zolari, Chilonzor tumani 164- maktabning yuqori sinf o‘quvchilari hamda bir guruh kitobxonlar qatnashganlar davra suhbatida N.Jabborov Usmon Nosir hayoti va ijodi haqida qiziqarli ma’lumotlarni bayon etdi. So‘zga chiqqanlar shoirning betakror iste’dodi, go‘zal she’r va dostonlari bilan o‘zbek adabiyotida o‘chmas iz qoldirgan, mustabid tuzum davrida siyosiy qatag‘on qurboni bo‘lgani haqida gapirib o‘tishdi. Shuningdek, o‘quvchilar tomonidan «Quyosh bilan suhbat», «Safarbar satrlar», «Traktorobod», «Yurak» kabi she’rlaridan parchalar yod olindi. Tadbir davomida kutubxona mutaxassislari tomonidan tayyorlangan Usmon Nosir ijodiga bag‘ishlangan videorolik namoyish qilindi. Tadbir juda mazmunga boy bo‘lib, barchada katta taassurotlar qoldirdi.