
Urganch Innovatsion universiteti bilan hamkorlik doirasida uchrashuv o‘tkazildi
Xususiy oliy ta’lim muassasalari bilan tuzilgan memorandum doirasida hamkorlik aloqalarini mustahkamlash maqsadida navbatdagi uchrashuv tashkil etildi.
2025-yil 17-aprel kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti rektori, filologiya fanlari doktori, akademik Shuhrat Sirojiddinov Urganch Innovatsion universiteti Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Mansur Masharipov bilan uchrashdi.
Uchrashuvda ilmiy-tadqiqot faoliyatini rivojlantirish, innovatsion loyihalar doirasida hamkorlikni kengaytirish, kadrlar va ilmiy salohiyatni oshirish yo‘nalishlarida hamkorlik qilish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, tomonlar o‘zaro ilmiy anjumanlar va seminar-treninglar tashkil etish, ilmiy nashrlarni qo‘llab-quvvatlash va innovatsion ishlanmalarni ta’lim jarayoniga joriy etish bo‘yicha rejalarni belgilab oldi.
Axborot-resurs markazlari salohiyatini oshirish, kutubxona fondlarini zamonaviy ilmiy adabiyotlar bilan boyitish va ilmiy tadqiqotlarni rag‘batlantirish masalalari ham uchrashuvning muhim mavzularidan biri bo‘ldi.