
Universitetimizning Ozarbayjon ilmiy va ta’lim muassasalari bilan hamkorligi kengaymoqda
2025-yil 28-may kuni Andijon shahrida O‘zbekiston va Ozarbayjon oliy ta’lim muassasalari rahbarlari ishtirokida birinchi rektorlar forumi bo‘lib o‘tdi. Ushbu muhim anjumanda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti rektori, akademik Shuhrat Sirojiddinov ishtirok etdi.
Forum doirasida ToshDO‘TAU va Ozarbayjon tillar universiteti o‘rtasida o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolandi. Ushbu hujjat ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasida ta’lim, ilm-fan va madaniyat yo‘nalishlarida strategik sheriklikni chuqurlashtirishga qaratilgan. Xususan, professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvi, qo‘shma ilmiy tadqiqotlar, konferensiyalar tashkil etish, qo‘shma nashrlar tayyorlash va adabiy-ma’naviy merosni chuqur o‘rganish borasida konkret tashabbus va rejalarga asoslangan hamkorlik bosqichi boshlanmoqda.
Akademik Shuhrat Sirojiddinov o‘z nutqida ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlik va madaniy rishtalar ming yillik tarixga ega ekanini, buyuk allomalar – Alisher Navoiy, Nizomiy Ganjaviy, Fuzuliy, Nasimiy, Shayxzoda kabi adiblarning ilmiy-ijodiy merosi bugungi o‘zaro aloqalarning ma’naviy poydevoriga aylanganini ta’kidladi.
So‘nggi yillarda ToshDO‘TAU va Ozarbayjonning yetakchi ilmiy-ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlik izchil rivojlanmoqda. 2019-yilda ToshDO‘TAUda Muhammad Fuzuliy nomidagi ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etildi. 2020-yilda esa Ozarbayjon Milliy fanlar akademiyasi huzuridagi Nizomiy Ganjaviy nomidagi Adabiyot institutida Alisher Navoiy nomidagi o‘zbek adabiyoti tadqiqotlari markazi ochildi. Shu yili akademik Sirojiddinovga mazkur institutning faxriy doktorlik unvoni berildi.
2023-yilda “Alisher Navoiy va XXI asr” mavzusidagi xalqaro konferensiya Ganjada o‘tkazildi. Unda Ozarbayjon Milliy fanlar akademiyasi prezidenti akademik Isa Habibbeyli, taniqli adabiyotshunos olimlar Olmaz Ulvi Binnatova, Ramiz Asgar kabi yetuk mutaxassislar ishtirok etdi. Ular ToshDO‘TAU tomonidan ta’sis etilgan “Alisher Navoiy” medali bilan taqdirlandi.
2024-yilda Ganja shahrida A. Navoiy nomidagi o‘zbek tili va madaniyati markazi faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Universitetlararo munosabatlar faqat rasmiy hujjatlar bilan cheklanmay, amaliy mazmun kasb etmoqda. Xususan, ToshDO‘TAU talabalari va Saodat Muhammadova rahbarligidagi akademik guruh Ozarbayjon pedagogika universitetida almashuv dasturi asosida ishtirok etdi. “Fuzuliy” ilmiy markazi rahbari Gulbahor Ashurova va bir guruh talabalar ijodiy safar bilan Ozarbayjonga tashrif buyurdi. Shuningdek, o‘zaro nashriyot loyihalari, mehmon ma’ruzalar, qo‘shma tadbirlar ham muntazam yo‘lga qo‘yilgan.
Ushbu forum va imzolangan memorandum ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlik, qardoshlik va intellektual hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqib, zamonaviy ilm-fan, ta’lim va madaniyat sohalarida keng imkoniyatlar eshigini ochmoqda.
Akademik Shuhrat Sirojiddinov ta’kidlaganidek, bu hamkorlik – shunchaki ilmiy aloqalar emas, balki azaliy do‘stlikning, tarixiy mushtaraklikning amaliy ifodasidir. Bu yo‘ldagi sa’y-harakatlar, shubhasiz, ikki xalqning taraqqiyotiga xizmat qiladi.