Universitetimizga tajribali turk tili o'qituvchilari kelishi kutilmoqda
Joriy yilning 20-iyun kuni universitetimizga Turkiya Respublikasining Oʻzbekistondagi elchixonasi Ta'lim maslahatchisi Abubakir Aydin tashrif buyurdi. Mehmon universitetimiz xalqaro hamkorlik bo'yicha prorektori Nozliya Normurodova bilan uchrashdi. Ularga ToshDO'TAUda 5 yil davomiga turk tilidan saboq bergan o'qituvchilar Mustafo Kuzuju va Husayin Ka'ba hamrohlik qilishdi. Suhbat davomida Alisher Navoiy nomidagi ToshDO'TAU Turkiyaning ko'plab ta'lim va ilmiy muassasalari bilan yaqin hamkorlik aloqalarini o'rnatgani alohida qayd etildi. Xususan, joriy yil boshida Turkiyaning Bursa shahrida universitet tashabbusi bilan O'zbek tili va madaniyati markazi ochilgani ikki millat do'stligini mustahkamlashdagi ulkan qadam sifatida qayd etildi.
Ta'lim sohasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash masalalari muhokama qilingan uchrashuvda ToshDO'TAU akademik litseyida Turk tili yoʻnalishini tashkil qilishga kelishib olindi. Hozirda turk tilidan saboq berayotgan turkiyalik mutaxassislarning shartnoma muddati nihoyasiga yetganligi sababli ularning o'rniga boshqa mutaxassislarni jalb etish yuzasidan mulohazalar bildirildi. Universitetga kelishi kutilayotgan turk tili muallimlari bir vaqtning o'zida akademik litsey o'quvchilariga ham turk tilidan saboq berishadi. Uchrashuv mobaynida kelgusida hamkorlikni yanada kengaytirish bo'yicha amaliy takliflar o'rtaga tashlandi.