Yangiliklar

img
Sun, 10/30/2022 - 21:13

Universitetimiz professori turkiyadagi nufuzli xalqaro simpoziumda ishtirok etdi

Bugungi kunda turkiy davlatlarning adabiy-madaniy hamkorligi yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. O‘zbekiston va Turkiyaning uch shahri – Samarqand, Bursa va Anqarada 17-26 oktyabr kunlari o‘tkazilgan “Sulton Yildirim Boyazid va Amir Temur” mavzusidagi xalqaro simpozium ham buning yorqin isbotidir. Ushbu xalqaro simpoziumda universitetimiz O‘zbek adabiyoti tarixi kafedrasi mudiri, filologiya fanlari doktori, professor Nurboy Jabborov “Abdulla Oripovning “Sohibqiron” dramasida Amir Temur va Yildirim Boyazid obrazlari” mavzusidagi ma’ruzasi bilan ishtirok etdi. Ma’ruza simpozium ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otdi. 
Universitetimiz rektori professor Shuhrat Sirojiddinov boshchiligidagi delegatsiya Bursa Uludag‘ universiteti va Anqara Yildirim Boyazid universiteti bilan o‘zaro hamkorlik memorandumini imzolagani ma’lum. Professor Nurboy Jabborovning mazkur universitetlar hamkorligida tashkil etilgan xalqaro simpoziumdagi ishtiroki ana shu memorandumlarning amaliy natijasi sifatida ham ahamiyatlidir. 
Ilmiy safar doirasida Nurboy Jabborov Ko‘nyo shahridagi Mavlaviy Jaloluddin Rumiy hazratlari maqbarasini ziyorat etdi.  


Anjumanning temuriylar poytaxti Samarqandda boshlanib, usmoniylar boshkenti Bursada davom etgani hamda Sohibqiron Amir Temur va Sulton Boyazid Yildirim lashkarlari to‘qnashgan Anqara shahrida yakunlanishida ham katta ramziy ma’no bor. Tarix – ibrat darsxonasi, tarix – saboq manbai. Ikki buyuk jahongirning bugungi avlodlari anjuman doirasida tarixga ibrat nazari bilan qarash zarurligi, tili va dini bir ikki qardosh xalq o‘rtasidagi har tomonlama aloqalarni mustahkamlash va rivojlantirish davr talabi ekani haqida fikrlashdilar.