Yangiliklar

img
Sat, 09/20/2025 - 11:03

Universitetimiz olimlari "UBMK 2025" xalqaro konferensiyasida ishtirok etishdi

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti Kompyuter lingvistikasi va raqamli texnologiyalar kafedrasi professor-o‘qituvchilari B. Elov, S. Normamatov, Sh. Hamroyeva, O‘zbek tilshunosligi kafedrasi prof.v.b. Manzura Abjalova, kafedra doktorantlari O. Abdullayeva, Z. Hayatova, tayanch doktorantlar N. Matyakubova, Sh. Abdisalomova, M. Samatboyeva, G. Maxmudjonova, shuningdek,  tilshunoslik mutaxassisligi 1-kurs tayanch doktorant Y. Shodmonaliyeva va mustaqil izlanuvchi F. Tursunaliyevalar 2025-yil 17–21-sentabr kunlari Turkiyaning Istanbul texnika universitetida bo‘lib o‘tgan xalqaro “10th International Conference on Computer Science and Engineering (UBMK 2025)” konferensiyasida onlayn va oflayn shakllarda ishtirok etdilar. Tadqiqotchilar tomonidan NLP, LLM, til korpusi, NLP ilovalari va metodlariga bag‘ishlangan ma’ruzalar taqdim etildi va ular konferensiya ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otdi.

Konferensiya davomida o‘zbek tilida avtomatik tahlil, korpus lingvistikasi va sintaktik modellarni ishlab chiqish, POS-tahlil, semantik aloqalarni aniqlash, parallel korpuslar yaratish, hissiyotlarni aniqlash (sentiment analysis), coreference yechimlari, punktuatsiyani avtomatik tiklash, fonetik tahlil va fonologik xususiyatlarni o‘rganish kabi ilmiy ishlanmalar keng yoritildi. Shuningdek, korpus asosida adabiyotshunoslik va she’riyat tahlili, Fitrat, Oripov, Muhammad Yusuf, Shavkat Rahmon kabi adiblar ijodini lingvistik jihatdan o‘rganish, turkiy tillar va o‘zbek lahjalari uchun korpuslar yaratish bo‘yicha tadqiqotlar taqdim qilindi.

Konferensiyada o‘zbek tilining grammatik, leksik va fonetik xususiyatlarini avtomatlashtirish, ularni korpus lingvistikasi doirasida qo‘llash imkoniyatlari keng muhokama qilindi. Ushbu ilmiy ishlanmalar o‘zbek kompyuter lingvistikasi rivojlanishiga, shuningdek, sun’iy intellekt asosidagi qo‘llanmalar yaratilishiga muhim ilmiy asos bo‘lib xizmat qilishi ta’kidlandi.

Mazkur nufuzli anjumanda ishtirok etgan universitet professor-o‘qituvchilari va izlanuvchilari IEEE sertifikatlari bilan taqdirlandilar. Shuningdek, taqdim etilgan maqolalarning xalqaro IEEE va Scopus bazalarida indekslanishi universitetning xalqaro reytinglarda ishtirokini yanada kuchaytirishga hissa qo‘shadi.