Yangiliklar

img
Tue, 09/22/2026 - 15:21

Universitetimiz olimlari Turkiyadagi xalqaro konferensiyada ishtirok etishmoqda

Joriy yilning 16–21-sentabr kunlari Turkiyaning Istanbul shahrida, bu gal Beykent universiteti mezbonligida, “UBMK_2026” — 11th International Conference on Computer Science and Engineering xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasi bo‘lib o‘tmoqda. Mazkur anjumanda kompyuter fanlari, muhandislik, axborot texnologiyalari hamda kompyuter lingvistikasi yo‘nalishlarida faoliyat olib borayotgan olim va tadqiqotchilar ishtirok etmoqda.

Xalqaro konferensiyada universitetimiz vakillari professor M. Abjalova, dotsentlar N. Musulmonova va Sh. Hamroyeva, shuningdek, universitetimiz doktorantlari o‘zlarining ilmiy ma’ruzalari bilan qatnashmoqda. Tadqiqotchilar tomonidan taqdim etilayotgan ilmiy ishlarda o‘zbek tilshunosligi va kompyuter lingvistikasi sohasidagi dolzarb masalalar, zamonaviy yondashuvlar hamda amaliy tadqiqotlar haqida fikr-mulohazalar bildirilmoqda.

Anjumanning muhim jihatlaridan biri shundaki, professor-o‘qituvchilarimiz konferensiya sho‘balarida moderator, ya’ni sessiya raisi sifatida ham faoliyat olib bormoqda. Bu esa olimlarimizning xalqaro ilmiy tadbirlardagi faol ishtiroki va soha mutaxassislari bilan ilmiy muloqot olib borish borasidagi tajribasini namoyon etmoqda.

Konferensiya ma’ruzalari davomida universitetimizning yirik ilmiy loyihalaridan Uzcorpora (O‘zbek tili multikorpusi) hamda Alisher Navoiy korpusining yaratilish konsepsiyasi, ilmiy ahamiyati va texnik imkoniyatlari ishtirokchilarga batafsil taqdim etildi. Mazkur loyihalarning xalqaro ilmiy auditoriyaga namoyish etilishi o‘zbek kompyuter lingvistikasi yo‘nalishida olib borilayotgan tadqiqotlar bilan xorijiy mutaxassislarning yaqindan tanishishiga imkon yaratmoqda.

 

Anjumanda universitetimiz professor-o‘qituvchilari bilan bir qatorda yosh tadqiqotchilar va doktorantlar ham o‘z ilmiy ishlari bilan faol qatnashib, xorijiy olimlar bilan tajriba almashmoqda. Bunday xalqaro ilmiy anjumanlarda ishtirok etish yangi ilmiy aloqalarni rivojlantirish, hamkorlik yo‘nalishlarini kengaytirish va o‘zbek kompyuter lingvistikasidagi ilmiy yutuqlarni xalqaro akademik hamjamiyatga namoyish etishda muhim ahamiyat kasb etadi.