
Universitetimiz olimi qozog'istonlik yosh ijodkorlarga mahorat darslari o'tdi
2025-yilning 18-28-avgust kunlari Qozog‘iston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan “Yosh yozuvchi shoirlar adabiy maktabi” loyihasi doirasida 10 kunlik mahorat darslari tashkil etildi. Universitetimiz o‘qituvchisi, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori va turkolog Anvar Bo‘ronov Qozog‘istonlik yosh shoir va yozuvchilar bilan bevosita ishladi.
Anvar Bo‘ronov mahorat darslarida “Turkiy xalqlar folklorining qiyosiy o‘rganilishi: umumiyliklar va farqlar” hamda “Folklordagi obrazlar va syujetlardan zamonaviy adabiyotda foydalanishning milliy ruhni shakllantirishdagi o‘rni” mavzularida ma’ruzalar o‘tkazdi. U yosh ishtirokchilarga nazariy bilimlar bilan birga, ijodiy jarayonlarda amaliy ko‘rsatmalar va maslahatlar berdi.
Shuningdek, Anvar Bo‘ronov yosh shoirlar bilan individual adabiy-badiiy uchrashuvlar o‘tkazib, ularning ijod namunalari ustida tahlil va tavsiyalar berdi. Ishtirokchilar universitetimiz o‘qituvchisining tajriba va bilimlaridan katta ilhom olishdi.
Loyihaning so‘nggi kunida Anvar Bo‘ronov hamda barcha ishtirokchilar sertifikatlar va esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandi, yosh shoirlar esa kelajakda ijodiy faoliyatlarini rivojlantirish uchun qimmatli yo‘l-yo‘riqlarga ega bo‘ldilar.