Universitetimiz olimi “Oila va qadriyatlar” 2- xalqaro simpoziumida qatnashdi
2025-yil 26–27-noyabr kunlari Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining Folklorshunoslik va dialektologiya kafedrasi dotsenti Abdumurod Tilavov Qirg‘iziston Respublikasi, Bishkek shahri, Qirg‘iz-Manas universitetida bo‘lib o‘tgan 2-xalqaro “Oila va qadriyatlar” seminari (simpoziumi)da faol ishtirok etdi. Ushbu nufuzli ilmiy anjuman Markaziy Osiyo xalqlarining ma’naviy merosi, milliy an’analari va oilaviy qadriyatlarning bugungi jamiyatdagi tutgan o‘rnini ilmiy-nazariy nuqtayi nazardan muhokama qilishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Tadbirning yalpi majlisida Abdumurod Tilavov “Alpomish” dostonida ilm, ta’lim va tarbiya masalalarining badiiy talqini” mavzusida ilmiy ma’ruza bilan qatnashib, o‘zbek xalq og‘zaki ijodining mazkur durdonasi orqali yosh avlod tarbiyasi, ma’rifatparvarlik g‘oyalari, ma’naviy yetuklik kabi masalalarning qanday ifodalanganini atroflicha sharhlab berdi. Uning ma’ruzasida “Alpomish” dostonida ilmga munosabat, ustoz-shogird an’analari, ota-ona hurmati, jamiyatda barkamol avlodni voyaga yetkazish kabi masalalar milliy qadriyatlar bilan uyg‘un holda tahlil etilib, ishtirokchilar e’tiborini tortdi. Mazkur ilmiy yondashuv xalq dostonlarining bugungi ta’lim jarayonida ham muhim manba bo‘lib xizmat qilishi mumkinligini yana bir bor tasdiqladi.
Simpozium davomida ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasidagi ilmiy hamkorlik masalalari ham muhokama qilindi. Qirg‘iz-Manas universiteti bilan o‘zaro tajriba almashish, qo‘shma loyihalar, professor-o‘qituvchilar va talabalarning ilmiy hamkorlik asosidagi almashuvi kabi yo‘nalishlarda hamkorlikni yanada mustahkamlash borasida kelishuvga erishildi. Mazkur uchrashuv yakunida imzolangan Hamkorlik shartnomasi universitetimiz rahbariyatiga taqdim etish uchun dotsent A. Tilavovga topshirildi. Universitet rahbariyati esa mazkur hamkorlikdan mamnunligini bildirib, ikki dargoh o‘rtasidagi aloqalar kelgusida yanada kengayishini ta’kidladi.

Ta’kidlash joizki, Manas Qirg‘iz-Turk universiteti dunyodagi eng kuchli 1000 ta oliy ta’lim muassasalari qatoridan joy olgan nufuzli ta’lim maskanidir. Ana shunday xalqaro tan olingan universitet bilan ilmiy aloqalarning mustahkamlanishi ToshDO‘TAUning xalqaro maydondagi ilmiy nufuzini yuksaltirish, o‘qituvchilarning ilmiy salohiyatini oshirish va yangi ilmiy loyihalarga yo‘l ochishda muhim ahamiyat kasb etadi. Mazkur tashrif nafaqat ilmiy doiralar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamladi, balki o‘zbek filologiyasi va folklorshunoslik sohalarining xalqaro miqyosda yanada kengroq tanilishiga xizmat qildi.


