Yangiliklar

img
Fri, 10/14/2022 - 21:27

Universitetimiz dotsenti xalqaro tanlov gʻolibi

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti Tarjima nazariyasi va amaliyoti fakulteti Xorijiy tillar kafedrasi dotsenti Murtazo Saydumarov Qohira Universitetida tarjima boʻyicha Podsho Abdullo ibn Abdulaziz nomidagi xalqaro mukofot gʻoliblarini taqdirlash munosabati bilan oʻtkazilayotgan “Arab dunyosida asar yaratish va uni tarjima qilish oʻrtasidagi zamon farqlari. Sabablar va yechimlar” mavzusidagi xalqaro ilmiy anjumanda ishtirok etmoqda. 
Murtazo  Saydumarov “Arab adabiyoti Oʻzbekistonda. Tadqiqotlar va tarjimalar” mavzusida maʼruza qildi.
Tarjima boʻyicha Podsho Abdullo ibn Abdulaziz nomidagi xalqaro mukofot dunyodagi eng nufuzli mukofot boʻlib, u 2006-yili taʼsis etilgan. Bu xalqaro mukofot bilan arab tilidan va arab tiliga qilingan eng sara asarlarning tarjimalari uchun alohida tarjimonlar, muassasalar  va tashkilotlar taqdirlanadilar. Avvalgi taqdirlash marosimlari munosabati bilan ilmiy anjumanlar ar-Riyod, Kasablanka, Parij, Pekin, Berlin, San-Paulo, Jeneva va Talitala (Ispaniya) kabi shaharlarda oʻtkazilgan edi. Bu yilgi taqdirlash marosimi uchun Qohira shahri bejiz tanlanmagan. Qohira Universiteti butun dunyo universitetlari xalqaro reytingida birinchi mingtalikka kiradi (QS tasnifi boʻyicha 550-600 oʻrinda). 
Tarjima boʻyicha Podsho Abdullo ibn Abdulaziz nomidagi xalqaro mukofot tanlovi 2006-yili taʼsis etilgan boʻlib, birinchi taqdirlash marosimi 2009-yili boʻlib oʻtdi. Oʻtgan davr ichida ushbu tanlovga 60 ta davlatdan 41 ta tilda 1500 dan ortiq ilmiy va ijodiy ish  tavsiya etildi. Mazkur ishlarning muhokamasi 457 ta olim retsenzent sifatida qatnashdi va 123 ta tarjimon taqdirlandi. 
Tarjima boʻyicha Podsho Abdullo ibn Abdulaziz nomidagi xalqaro mukofotning muassasalar va tashkilotlar oʻrtasidagi bu yilgi tanlovida “Obeykan” va “al-Arabiy” nashriyotlari, tabiiy fanlar boʻyicha dunyo tillaridan arab tiliga tarjima tanlovida Laylo Babasil (Saudiya Arabistoni) va Savsan as-Savvaf (Suriya)  Paul Davidovichning “Biologiya va meditsinada fizika” kitobining ingliz tilidan tarjimasi uchun, Abdullatif ash-Shuhayl (Saudiya Arabistoni) va Yahyo Xalif (Misr-AQSH) Bernad Smit, Jefri Raymer va Kortis Oldenburgning “Introduction Carbon Capture & Sequestration” kitobining ingliz tilidan tarjimasi uchun, gumanitar fanlar boʻyicha tanlovda Azziddin ar-Rifiy (Marokko) Filipp Diskolaning “Tabiat va lumotlarini ortida” kitobining fransuz tilidan tarjimasi uchun, Abdunnur Xarroqiy (Marokko)  Paul Etbol, Devid Monagan va Daren Konaqlarning “Sotsiologiya maʼlumotlarini saralash ilmiga kirish” kitobining ingliz tilidan tarjimasi uchun taqdirlandilar.
Alohida tarjimonlar saʼy-harakatlari tanlovida Hamza Muziniy (Saudiya Arabistoni), Murtazo Saydumarov (Oʻzbekiston) va Samir Jurays (Misr-Germaniya) mukofotga sazovor boʻldilar. 
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti dotsenti Murtazo Saydumarov arab adabiyotidan oʻzbek va rus tillariga amalga oshirgan 45 dan ortiq ilmiy va badiiy asarlar tarjimalari uchun taqdirlandi. U arab adabiyotshunosligiga oid monografiyalar, bir qator romanlar, hikoyalar va sheʼriy toʻplamlarini arab tilidan oʻzbek va rus tillariga tarjima qilgan. 
Taʼkidlash joizki, Murtazo Saydumarovning oʻzbek adabiyotidan arab tiliga qilgan tarjimalari, jumladan, Abdulla Qodiriy, Choʻlpon, Gʻafur Gʻulom, Said Ahmad, Abdulla Qahhor, Oʻlmas Umarbekov, Oʻtkir Hoshimov, Togʻay Murod, Xurshid Doʻstmuhammad, Saʼdulla Siyoyev, Xayriddin Sultonov, Ulugʻbek Hamdam va boshqa yozuvchilarning asarlari tarjimalari Kuvayt va Saudiya Arabistonida nashr etilgan. 
Tarjimon Murtazo Saydumarov ar-Riyoddagi Axborot va arab-rus tadqiqotlari markazi tomonidan arab tilida nashr qilingan “Hozirgi zamon oʻzbek adabiyotida hikoya janri. Adabiy tanqidiy tadqiqot va tanlangan hikoyalar” kitobi uchun 2019 yii “Shayx Hamad nomidagi tarjima va oʻzaro bir-birini tushunish” (Qatar) xalqaro mukofotiga sazovor boʻlgan edi.

Qohira universiteti katta majlislar zalida oʻtkazilgan taqdirlash marosimidan soʻng Podsho Abdullo nomidagi tarjima boʻyicha xalqaro mukofotning navbatdagi sessiyasi tanlovi ochiq deb eʼlon qilindi.