Yangiliklar

img
Mon, 10/13/2025 - 21:35

Universitetimiz doktoranti xalqaro bolalar kitobi illyustratsiyalari bienalesida

2025-yilda o‘tkazilgan Bratislava xalqaro bolalar kitobi illyustratsiyalari bienalesi (Bienále ilustrácií Bratislava – BIB) o‘zining 30-yubiley tadbirini keng qamrovli madaniy-ma’rifiy festival sifatida nishonladi. Slovakiyaning Bratislava shahrida o‘tkazilgan ushbu nufuzli anjuman UNESCO, IBBY (Butunjahon bolalar va o‘smirlar adabiyoti kengashi) hamda Slovakiya Madaniyat vazirligi hamkorligida tashkil etildi.

Tadbir dasturidan xalqaro ko‘rgazmalar, ijodiy tanlovlar, yosh rassomlar uchun mahorat darslari, adabiyot va san’at namoyandalari bilan uchrashuvlar hamda bolalar adabiyotiga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy simpozium o‘rin oldi. Ana shu simpoziumda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti Qiyosiy adabiyotshunoslik va jahon adabiyoti kafedrasi tayanch doktoranti Dilnavoz Najimova muvaffaqiyatli ishtirok etdi.

Dilnavoz Najimova o‘z ma’ruzasida bolalar adabiyotshunosligida shakllanayotgan yangi ilmiy yo‘nalishlarni tahlil qilar ekan, xorijiy tajribalarni o‘rganish va ularni O‘zbekiston amaliyotiga tatbiq etishning dolzarbligiga alohida e’tibor qaratdi. Shuningdek, u xalqaro ilmiy hamkorlikni kengaytirish, xorijiy olimlar bilan tajriba almashish va bolalar adabiyotini zamonaviy metodologik yondashuvlar asosida o‘rganish zarurligini ta’kidladi.

Tadqiqotchining ta’kidlashicha, global ilmiy makonda bolalar adabiyotining o‘rni ortib borayotgan bugungi kunda o‘zbek olimlarining faol ishtiroki milliy adabiyotimizni xalqaro miqyosda tanitish uchun muhim ahamiyat kasb etadi. Uning ma’ruzasi simpozium ishtirokchilari tomonidan katta qiziqish bilan tinglandi.

BIB-2025 simpoziumi ilmiy tajriba almashish, yangi hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish hamda bolalar adabiyotining jahon miqyosidagi taraqqiyot tendensiyalarini o‘rganish imkonini berdi. Tadbir davomida turli mamlakatlardan tashrif buyurgan adabiyotshunoslar, rassomlar va nashriyotchilar bolalar uchun badiiy jihatdan yetuk, estetik qadriyatlarga boy asarlar yaratish masalalari yuzasidan o‘z tajriba va qarashlarini almashdilar.

Dilnavoz Najimovaning BIB-2025dagi ishtiroki O‘zbekiston olimlarining xalqaro ilmiy maydondagi faolligini hamda Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida bolalar adabiyotshunosligi yo‘nalishining izchil rivojlanib borayotganini yaqqol namoyon etdi. Mazkur qatnashuv kelgusida ilmiy hamkorlikni kengaytirish, qo‘shma tadqiqotlar o‘tkazish va yangi nashriyot loyihalarini amalga oshirish uchun mustahkam zamin yaratishi kutilmoqda.