
Universitetimiz doktoranti nufuzli xalqaro anjumanda ishtirok etdi
2025-yil 30–31-avgust kunlari Koreya Respublikasining Suvon shahrida Butunjahon bolalar va o‘smirlar adabiyoti kengashi (IBBY)ning Osiyo-Tinch okeani mintaqaviy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Anjuman Koreya IBBY milliy bo‘limi (KBBY) tashabbusi bilan tashkil etilib, “Living in Harmony with Our Planet” (“Sayyoramiz bilan uyg‘unlikda yashaylik”) mavzusiga bag‘ishlandi. Unda bolalar adabiyoti orqali ekologik muammolar, barqaror taraqqiyot va yosh avlodda atrof-muhitga mas’uliyatli munosabatni shakllantirish masalalari muhokama qilindi.
Mazkur nufuzli xalqaro anjumanda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti Qiyosiy adabiyotshunoslik va jahon adabiyoti kafedrasi tayanch doktoranti Dilnavoz Najimova ham “Nature and ecological awareness in the lens of Uzbek Children's Literature” (“Tabiat va ekologik ong mavzulari o‘zbek bolalar adabiyoti nigohida”) mavzusida taqdimot bilan ishtirok etdi.
Universitetimiz doktoranti ishtirokining xalqaro miqyosda e’tirof etilgani o‘zbek bolalar adabiyoti, xususan, ekologik tarbiya yo‘nalishidagi ilmiy tadqiqotlarning dolzarbligini yana bir bor ko‘rsatdi. Shuningdek, bu kabi ishtiroklar Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining xalqaro hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash, ilmiy izlanishlarni keng jahon maydoniga olib chiqishda muhim qadam bo‘lib xizmat qilmoqda.
IBBY konferensiyasi mintaqadagi mamlakatlar o‘rtasida tajriba almashish, bolalar adabiyoti sohasini rivojlantirish va har bir bolaga yuqori badiiy saviyadagi asarlarni yetkazishga xizmat qilmoqda.