Yangiliklar

img
Tue, 10/06/2026 - 15:48

Universitetda «Uch avlod uchrashuvi» o‘tkazildi

5-oktabr kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida Toshkent shahrida tasdiqlangan grafik asosida «Uch avlod uchrashuvi» ma’naviy-ma’rifiy tadbiri o‘tkazildi.

Unda Toshkent shahar xalq deputatlari Kengashi raisi, senator Rustam Kalonov, tuman Nuroniylar kengashi raisi Tolib Sayfullayev, Fazliddin Hoji Jamolov, Adiba Kamalova, Murod Muminov, Burhon Haydarov, Komiljon Muhammadziyorov, MFY raisi Hamza Mahmudov, universitet professor-o‘qituvchilari hamda talaba-yoshlar ishtirok etdi.

«Uch avlod uchrashuvi» avlodlar o‘rtasidagi ma’naviy aloqalarni mustahkamlash, yoshlarni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalash, ularga katta avlod vakillarining boy hayotiy va kasbiy tajribasini yetkazish maqsadida tashkil etildi.

Tadbir davomida mamlakatimizda yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlar, ta’lim va ilm-fan sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, yosh avlodning jamiyat hayotidagi faol ishtiroki, ma’naviy barkamol avlodni tarbiyalash masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Uchrashuvda nuroniylar va mehnat faxriylari o‘zlarining boy hayotiy tajribalari, mehnat faoliyati davomida orttirgan bilim va ko‘nikmalari bilan o‘rtoqlashib, yoshlarga ta’lim olish, kasb-hunar egallash, doimo izlanish va jamiyat hayotida faol ishtirok etish borasida tavsiyalar berdilar.

 

Samimiy muloqot davomida yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, katta avlod vakillarining hayotiy tajribasi va maslahatlaridan bahramand bo‘ldilar. Ayniqsa, inson hayotida bilim, mehnatsevarlik, mas’uliyat, Vatanga sadoqat va ezgu maqsad sari intilishning ahamiyati haqida fikrlar bildirildi.

Tadbirda avlodlar vorisiyligi milliy taraqqiyotning muhim omillaridan biri ekani alohida ta’kidlandi. Katta avlodning hayotiy tajribasi va yoshlarning zamonaviy bilim, tashabbus hamda g‘oyalari uyg‘unligi jamiyat rivoji uchun muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi.

 

Shuningdek, yosh avlodni milliy qadriyatlarga hurmat, Vatanga muhabbat, ajdodlar merosiga sadoqat va yurt kelajagiga daxldorlik tuyg‘usi ruhida tarbiyalashda bunday uchrashuvlarning o‘rni katta ekani ta’kidlandi.

«Uch avlod uchrashuvi» samimiy suhbat va fikr almashuvlarga boy tarzda o‘tdi. Mazmunli muloqot turli avlod vakillari o‘rtasidagi o‘zaro hurmat va hamjihatlikni yanada mustahkamlash, yoshlarni hayotiy maqsadlar sari dadil intilishga ruhlantirishga xizmat qildi.