Yangiliklar

img
Tue, 11/10/2026 - 19:10

Universitetda navbatdagi sayyor qabul ötkazildi

Alişer Navoiy nomidagi Toşkent davlat özbek tili va adabiyoti universiteti rektori, akademik Şuhrat Sirojiddinov talabalar va xodimlarning murojaatlarini bevosita örganiş, ularni hal etiş yuzasidan tegişli çoralar belgilaş maqsadida navbatdagi sayyor qabulni ötkazdi.

Qabul avvalida universitet Registrator ofisi faoliyati, talabalar murojaatlari bilan işlaş holati va bu boradagi taşkiliy mexanizmlar körib çiqildi. Xususan, yagona darça tamoyili asosida xizmat körsatiş, murojaatlarni qabul qiliş, röyxatga oliş, tegişli mas’ullarga yönaltiriş hamda ularning ijrosini nazorat qiliş jarayonlari muhokama qilindi.

Tahlil davomida xizmat körsatiş tizimida uçrayotgan ayrim muammolar va murojaatlar bilan işlaşda yöl qöyilgan kamçiliklar qayd etildi. Ularni bartaraf etiş böyiça aniq vazifalar belgilandi. Rektor mas’ullarga talabalar bilan işlaşda ortiqça sansalorlik va byurokratik tösiqlarga yöl qöymaslik, murojaatlarni öz vaqtida körib çiqiş, masalalarni imkon qadar qisqa muddatlarda hal etiş yuzasidan topşiriqlar berdi.

Sayyor qabul davomida talabalar tomonidan bildirilgan taklif va taşabbuslar ham tinglandi.

Jumladan, 1-bosqiç talabasi Oynura Rahimberdiyeva talabalarning universitet hayotidagi faolligi, taşabbuslari va yutuqlarini ijtimoiy tarmoqlarda keng yoritiş, ular iştirokida zamonaviy media loyihalarni yölga qöyiş böyiça öz ğoyalarini taqdim etdi. Uşbu taşabbuslarni amalga oşiriş uçun texnik kömak söradi.

Rektor talabaning taklifini qöllab-quvvatlab, universitet Matbuot xizmatiga Oynura Rahimberdiyevani zarur amaliy könikmalar bilan ta’minlaş, videokamera, mikrofon va boşqa texnik vositalardan foydalaniş imkoniyatini yaratiş hamda uning loyihalarini amalga oşirişda kömaklaşiş böyiça topşiriq berdi.

Yana bir talaba Amirxon Isfaxonov universitetda ilmiy izlanişlari, ijodiy salohiyati va intellektual qobiliyati bilan ajralib turadigan yoşlarni rağbatlantiriş maqsadida “Rektor kubogi” tanlovini taşkil etiş taklifini bildirdi. Tanlov orqali iqtidorli talabalarni aniqlaş, ularning ilmiy-ijodiy faoliyatini qöllab-quvvatlaş va talabalar örtasida soğlom raqobat muhitini şakllantiriş közda tutilgan.

Rektor taklifni ma’qullab, tanlovni taşkil etiş imkoniyatlarini örganiş va tegişli taşkiliy çoralarni belgilaş yuzasidan mas’ullarga körsatmalar berdi.

Qabulda öquv jarayoni, universitet infratuzilmasi, ijtimoiy-ma’naviy muhit va boşqa yönalişlarga oid murojaat hamda takliflar ham bildirildi. Ularning har biri alohida körib çiqilib, tegişli tarkibiy tuzilmalar rahbarlariga muammolarni hal etiş böyiça topşiriqlar yuklatildi.