Yangiliklar

img
Fri, 02/21/2025 - 15:35

Universitetda ilmiy salohiyatni rivojlantirish strategiyalari belgilandi

21-fevral kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida ilm-fan va innovatsion rivojlanish masalalariga bag‘ishlangan muhim uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Tadbir doirasida "Puls Nauki" kompaniyasi bosh direktori Arka diy Xalyukov universitetga tashrif buyurdi. Mehmonni universitet ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Nozliya Normurodova qabul qilib, universitetning ilmiy-innovatsion faoliyati, xalqaro reytinglardagi o‘rnini mustahkamlash strategiyalari hamda ilmiy nashrlarning xalqaro indeksatsiya tizimlarida qayd etilishi borasidagi muhim masalalar muhokama qilindi.  
Uchrashuv davomida universitetda amalga oshirilgan ilmiy faoliyat bo‘yicha batafsil tahlil o‘tkazilib, xalqaro reytinglar, ilmiy natijadorlik va nashr faolligiga oid ko‘rsatkichlar o‘rganildi. Xususan, universitet professor-o‘qituvchilari va tadqiqotchilarining Scopus, Web of Science hamda Google Scholar bazalarida indekslangan ilmiy maqolalarining Field-Weighted Citation Impact (FWCI) ko‘rsatkichlari tahlil qilindi. Universitetning ilmiy jurnallari va monografiyalarini nufuzli xalqaro ilmiy platformalarga integratsiya qilish masalalari ko‘rib chiqildi.  
Muhokamada ilmiy maqolalar sifati va ularning xalqaro akademik hamjamiyat tomonidan qabul qilinish darajasini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar belgilandi. Ayniqsa, impakt-faktori yuqori bo‘lgan jurnallarga maqolalar tayyorlash, ilmiy tadqiqot natijalarini Scopus, WoS va boshqa reyting bazalariga kiritish bo‘yicha tavsiyalar berildi. Shu bilan birga, universitet olimlarining xalqaro grant dasturlarida ishtirok etish darajasi, xorijiy ilmiy hamkorlikni kengaytirish hamda ilmiy nashrlarning o‘zaro iqtiboslik (self-citation) darajasini optimallashtirish bo‘yicha ham muhim takliflar ilgari surildi.

 

Universitet ilmiy salohiyatini rivojlantirishning uzoq muddatli strategiyasi doirasida ilmiy-innovatsion loyihalarni tijoratlashtirish, universitet ichida ilmiy natijadorlikning milliy reyting tizimini ishlab chiqish va ilmiy grantlarga murojaat qilish faolligini oshirish masalalari ham ko‘rib chiqildi. Tadbir davomida ilmiy SWOT-tahlil asosida universitetning ilmiy nashrlar sifati, xalqaro hamkorlik darajasi hamda ilmiy loyihalarning tijoratlashtirish salohiyati o‘rganildi.  
Uchrashuv yakunida universitet rahbariyati va mehmon o‘rtasida ilmiy-innovatsion faoliyatni takomillashtirish bo‘yicha istiqbolli yo‘nalishlar belgilab olindi. Xususan, ilmiy tadqiqotlarni xalqaro darajada ilgari surish, nashrlar sitata darajasini oshirish, akademik yozuv va ilmiy axborot texnologiyalaridan samarali foydalanish bo‘yicha konkret chora-tadbirlar ishlab chiqildi. Ushbu tashrif universitetning ilmiy ekotizimini mustahkamlash, xalqaro reytinglardagi mavqeyini oshirish va innovatsion rivojlanish strategiyasini kuchaytirishga xizmat qilishi kutilmoqda.