
Universitet vakillari ijro intizomi va murojaatlar bilan ishlash bo‘yicha o‘quv kursini tamomladilar
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan oliy ta’lim muassasalarining devonxona mudirlari hamda ijro intizomi va murojaatlar bilan ishlash bo‘limlari boshliqlari uchun tashkil etilgan qisqa muddatli o‘quv kursi yakuniga yetdi. Mazkur kursda respublikamizdagi 159 ta davlat va nodavlat oliy ta’lim muassasalaridan 276 nafar mutaxassis malaka oshirdi.
Ushbu kursda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti vakillari – Ijro intizomi va murojaatlar bilan ishlash bo‘limi rahbari Ra'no Azizova hamda devonxona mudiri Shodiya Samiyeva ham ishtirok etib, o‘z bilim va malakalarini oshirish imkoniga ega bo‘ldilar.
Bir oy davom etgan o‘quv kursi 5 bosqich asosida tashkil etilib, unda ijro intizomini takomillashtirish, murojaatlar bilan ishlash samaradorligini oshirish hamda hujjatlarni yuritish bo‘yicha ilg‘or tajribalar o‘rganildi. Kurs yakunida tinglovchilarga maxsus sertifikatlar topshirildi. Sertifikatlarni Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov tantanali ravishda topshirdi.
Universitet vakillarining ushbu kursni tamomlagani ijro intizomi va murojaatlar bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirishga xizmat qiladi.