Yangiliklar

img
Mon, 06/29/2026 - 19:00

Universitet tadqiqotchilarining yarim yillik faoliyati monitoring qilindi

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida 2026-yil 15–29-iyun kunlari doktorant, tayanch doktorant va mustaqil izlanuvchilarning ilmiy faoliyati samaradorligini baholashga qaratilgan I yarim yillik monitoring o‘tkazildi.

Monitoring jarayonida jami 438 nafar tadqiqotchi ishtirok etdi. Jumladan, 1-bosqichda tahsil olayotgan 104 nafar, 2-bosqichning 190 nafar hamda 3-bosqichning 144 nafar doktorant, tayanch doktorant va mustaqil izlanuvchining ilmiy faoliyati individual tartibda ko‘rib chiqildi.

Monitoringni shaxsan universitet ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori, professor Nozliya Normurodova hamda Ilmiy tadqiqotlar va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash bo‘limi boshlig'i Sanjar Mavlyanov olib bordi. Jarayon davomida har bir doktorant, tayanch doktorant va mustaqil izlanuvchi bilan alohida suhbat o‘tkazilib, shaxsiy ish rejasida belgilangan vazifalar ijrosi, dissertatsiya tadqiqotining bugungi holati, ilmiy maqolalar, dissertatsiya boblarining tayyorlanish darajasi, ilmiy natijalarning amaliy ahamiyati hamda tadqiqotlarni belgilangan muddatlarda yakunlash bilan bog‘liq masalalar atroflicha muhokama qilindi. Shu bilan birga, tadqiqotchilar duch kelayotgan ilmiy va tashkiliy muammolar tinglanib, ularni bartaraf etish yuzasidan amaliy tavsiyalar berildi.

  

Monitoring davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 26-maydagi “Yangi avlod ilmiy kadrlarini tayyorlash va ularni attestatsiya qilish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi PF–98-son Farmonining mazmun-mohiyati tadqiqotchilarga batafsil tushuntirildi. Xususan, mazkur Farmon bilan ilmiy faoliyatni baholash va ilmiy natijalarni e’lon qilish bo‘yicha joriy etilgan yangi talablar yuzasidan izohlar berildi. Universitet ilmiy bo‘limi tomonidan xalqaro ilmiy bazalarda indekslanuvchi hamda ilmiy maqolalarni chop etish uchun tavsiya etilgan jurnallar ro‘yxati shakllantirilib, tadqiqotchilarga yetkazildi.

Shuningdek, ilmiy ishlarda havolalardan to‘g‘ri foydalanish, iqtiboslarning sifati va ilmiy natijalarning xalqaro ilmiy maydondagi e’tirofiga ta’siri yuzasidan batafsil tushuntirishlar berildi. Har bir dissertatsiyaning konseptual qismi alohida tahlil qilinib, tadqiqot mavzusining dolzarbligi, maqsad va vazifalari, ilmiy yangiligi, nazariy hamda amaliy ahamiyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha tavsiyalar bildirildi. Dissertatsiyalar mutaxassislik shifri pasporti talablariga qat’iy muvofiq holda tayyorlanishi zarurligi yana bir bor ta’kidlandi.

  

Alohida e’tibor "Ta’lim va tarbiya nazariyasi va metodikasi" ixtisosligi bo‘yicha ilmiy izlanish olib borayotgan doktorant va mustaqil izlanuvchilarning tadqiqotlariga qaratildi. Ular tomonidan amalga oshirilayotgan tajriba-sinov ishlarining borishi, olingan natijalarni matematik-statistik metodlar asosida tahlil qilish hamda mazkur jarayonlarning bevosita tadqiqotchining o‘zi tomonidan amalga oshirilishi yuzasidan batafsil muhokamalar o‘tkazilib, bu boradagi talablarning bajarilishi yana bir bor ko‘rib chiqildi.

Monitoring yakunida har bir tadqiqotchining ilmiy faoliyati yuzasidan tegishli xulosalar shakllantirildi. Dissertatsiya ishlarini belgilangan muddatlarda sifatli yakunlash, ilmiy natijalarni nufuzli ilmiy nashrlarda e’lon qilish, ilmiy faoliyat samaradorligini oshirish hamda ilmiy izlanishlarni yangi me’yoriy-huquqiy hujjatlar talablari asosida tashkil etish yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berildi.