Yangiliklar

img
Sat, 09/23/2023 - 17:12

Universitet faoliyati vazir boshchiligidagi ishchi guruh tomonidan o'rganildi

O'zbekiston Respublikasi Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vaziri Ibrohim Abdurahmonov boshchiligidagi ishchi guruh  Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o'zbek tili va adabiyoti universitetida bo'ldi. Vazir, avvalo, universitetda talabalar uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi. "Universitet tom ma'noda talabalar uchun eng yaxshi maskan bo'lishi kerak. O'qishdan ortib san'at galereyalariga, muzeylarga bora olmaydigan talabalar universitetdagi muhitdan, go'zallikdan ma'nan zavqlanishi zarur", - deya ta'kidladi vazir. Bu borada universitet jamoasining faoliyati tahlil etilib, kerakli tavsiyalar berildi.
Shundan so'ng ishchi guruh a'zolari xorijliklarga o'zbek tilini o'rgatuvchi "O'zbek maktabi"da ham bo'ldi. Ushbu markazni ham interyerini milliy ornamentlar bilan boyitish, xorijliklarga milliy madaniyatimizni keng targ'ib etish bo'yicha takliflar bildirildi.


Talabalar turar joyida bo'lgan vazir bu yerdagi imkoniyati cheklangan talabalar bilan dildan suhbatlashdi. Ularga yaratilgan imkoniyatlar bilan tanishdi. Imkoniyati cheklangan bo'lishiga qaramay, tengdoshlaridan ilg'orlikda, tashabbuskorlikda qolishmaydigan Latofat Toshova o'z she'riy to'plamini vazirga tuhfa qildi.


TTJda istiqomat qiluvchi talabalar talabalar bilan suhbatlashgan vazir bu yoshlarning shijoati, ma'rifati haqida iliq fikrlarini bildiridi.


Shundan so'ng universitetning kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik holati o'rganildi. Bu borada sustkashlikka yo'l qo'yib bo'lmasligi,  tezroq mavjud muammolarni bartaraf etish zarurligi mas'ullarga aytildi. Binolarni issiqlik bilan to'liq ta'minlash uchun yangi qozonxona qurish va  yonilg'i zaxirasini ham shay holatga keltirish bo'yicha qat'iy topshiriq berildi.