
“Uch avlod uchrashuvi” ma’naviy tadbiri o‘tkazildi
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida yoshlarni vatanparvarlik, ona yurtga muhabbat, milliy qadriyatlarga hurmat va tarixiy merosni chuqur anglash ruhida tarbiyalash maqsadida “Uch avlod uchrashuvi” ma’naviy tadbiri bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Yakkasaroy tumani “Bog‘saroy” mahallasi nuroniylar jamg‘armasi raisi Raximov Muxammadjon Tursunovich hamda “Nuroniylar jamg‘armasi” a’zolari Jamalov Fazliddin xoji ota, Mo‘minov Murodjon ota, Maqsudxo‘jaev To‘lqin ota, Umarov Shavkat ota va Otabeov Odil ota ishtirok etdilar.
Ushbu uchrashuv ustoz-shogird an’analarini mustahkamlash, avlodlar davomiyligini ta’minlash va yoshlarni hayotiy tajriba asosida to‘g‘ri yo‘naltirish maqsadida tashkil etildi. Faxriylar o‘z faoliyat yo‘llari, bosib o‘tgan hayot sinovlari haqida so‘zlab, yoshlarga ibrat bo‘ladigan fikr-mulohazalarini bildirdilar. Ular yosh avlodni ilmga intilish, halollik, mehnatsevarlik, vatanparvarlik kabi qadriyatlarni hayot mezoni sifatida qabul qilishga chorladilar.
Universitet yoshlari esa nuroniylarning samimiy maslahatlari va hayotiy saboqlarini katta qiziqish bilan tinglab, o‘zlarini kelajakda ham ma’naviy, ham ilmiy jihatdan barkamol shaxslar etib tarbiyalashga intilayotganliklarini ta’kidladilar.
“Uch avlod uchrashuvi” nafaqat ma’naviy-ma’rifiy tadbir, balki yoshlar va keksalar o‘rtasidagi muloqot maydoniga, tajriba va g‘oyalar almashishiga sabab bo‘ldi. Shu tariqa, uchrashuv yoshlarni milliy qadriyatlarga hurmat, yurt ravnaqi va jamiyat taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shishga undovchi muhim tashabbus sifatida o‘z ahamiyatini namoyon etdi.