Tyutorlar faoliyati sarhisob qilindi
Universitetlarda tyutorlik tizimining yo‘lga qo‘yilishi talaba-yoshlarning ham ta’lim, ham tarbiya jarayonlarida alohida o‘rin tutadi. Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida o‘tgan davr mobaynida talabalarning ijtimoiy-ma’naviy hayotini yaxshilash borasida bir qator tizimli ishlar amalga oshirildi. Joriy yilning 26-iyun kuni universitetda ayni shu masalalarga bag‘ishlangan muhim tadbirlardan biri — tyutorlar faoliyatining samaradorligini baholash (KPI) yuzasidan hisobot yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda eng asosiy e’tibor tyutorlarning talaba-yoshlarni vatanparvarlik hamda milliy qadriyatlarga sadoqat ruhida tarbiyalash borasidagi ko‘rsatkichlariga qaratildi. Tyutorlarning har bir talaba bilan individual ishlashi, ularda milliy o‘zlikni anglash, ajdodlar merosiga hurmat va ona vatanga bo‘lgan muhabbat tuyg‘ularini shakllantirish bo‘yicha amalga oshirgan ishlari tahlil qilindi. Bu borada yo‘lga qo‘yilgan turli ma’rifiy tadbirlar va suhbatlarning amaliy natijalari muhokama markazida bo‘ldi.
Shuningdek, hisobotda talabalarning shaxsiy va kasbiy rivojlanishiga ko‘maklashish borasidagi faoliyat ham atroflicha baholandi. Bugungi kun talabasi nafaqat o‘z sohasining yetuk mutaxassisi bo‘lishi, balki zamonaviy yumshoq ko‘nikmalarni (soft skills) ham puxta egallashi lozim. Tyutorlar tomonidan talabalarning intellektual salohiyatini oshirish, ularning yetakchilik qobiliyatlarini yuzaga chiqarish va kasbiy maqsadlarini to‘g‘ri shakllantirishga qaratilgan amaliy yordamlar sarhisob qilindi.

Universitet muhitiga ilk qadam qo‘ygan yoshlarning ta’lim-tarbiya jarayonlariga moslashuvini ta’minlash ham tyutorlar zimmasidagi eng mas’uliyatli vazifalardan biridir. Yig‘ilish davomida birinchi kurs talabalarining moslashish davri qanday kechganligi, yuzaga kelgan ijtimoiy va psixologik muammolarni bartaraf etishda tyutorlarning qay darajada faollik ko‘rsatganligi reyting tizimi asosida ko‘rib chiqildi. Mazkur yo‘nalishdagi samarali ishlar talabalarning o‘zlashtirish ko‘rsatkichlariga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatgani qayd etildi.

Yig‘ilish yakunida talabalarning darsdan bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, ularni turli fan to‘garaklari, sport musobaqalari va ijodiy klublarga jalb etish ko‘rsatkichlari tahlil qilindi. KPI reytingi natijalariga ko‘ra, o‘z faoliyatida yuqori natijalarni qayd etgan tyutorlar alohida e’tirof etilib, kelgusida ish unumdorligini yanada oshirish va aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan aniq vazifalar belgilab olindi.

