
"Turklang – 2024" Xalqaro Konferensiyasi bo'lib o'tdi
7–9-noyabr kunlari Rossiya Federatsiyasi Tatariston Respublikasining Qozon shahrida Tatariston Fanlar akademiyasi va Amaliy semotika instituti tomonidan “Turkiy tillarni kompyuterda qayta ishlash (Turklang – 2024)” XII xalqaro konferensiyasi tashkil etildi. Ushbu tadbirda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti dotsenti, filologiya fanlari doktori Manzura Abjalova o‘z talabalar bilan qatnashdi.
Konferensiyada M. Abjalova Alisher Navoiy mualliflik korpusini taqdim etib, ishtirokchilarning katta e’tiborini qozondi. Xususan, qirg‘iz va qozoq mutaxassislari korpusni yaratish jarayoni va undagi texnologiyalarga qiziqish bildirdi. Bu loyihada universitet rektori, akademik Sh. Sirojiddinov boshchiligidagi navoiyshunos olimlar guruhi tomonidan olib borilgan ishlar yuqori baholandi. Tadbir davomida boshqa mamlakat vakillari bilan korpusni yanada takomillashtirish borasida hamkorlik takliflari ham muhokama qilindi. M. Abjalova, U. Rashidova va S. Sharipova o‘zbek tilidagi iboralarni avtomatik tarjima qilish va ma’lumotlar bazasini yaratish bo‘yicha ikki ma’ruza o‘qib, dolzarb masalalarni yoritdilar, bu esa turkiy tillarga oid yangi lingvistik dasturlar yaratishga zamin yaratdi.
M. Abjalova tashrif davomida Qozon davlat madaniyat va san'at institutiga ham bordi. Institutda u o‘quv jarayonlari va talabalarning turli tadbirlarga tayyorgarlik jarayonlari bilan tanishdi; shuningdek, institutning virtual muzeyida turli millatlarning madaniy an’analari aks ettirilgan buyumlar namoyish etildi, bu esa o‘zbek madaniyatini rivojlantirish va targ‘ib qilish uchun yangi g‘oyalar shakllanishiga turtki bo‘ldi.
Bundan tashqari, M. Abjalova "Sun’iy intellekt" va "Axborot tizimlari" fanlari doirasida “Ta’limda multimediyalar va innovatsion texnologiyalar” mavzusida ma’ruza qildi. U Qozondagi zamonaviy texnologiyalar bilan tanishish maqsadida IT parkka ham tashrif buyurib, u yerdagi bolalar IT parki, koverking, kompyuter grafikasi va nutqni qayta ishlash bo‘limlaridagi texnologik imkoniyatlarni o‘rgandi.