Turkiyalik talabalar o‘zbek tilini o‘rganishmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 12-yanvardagi PQ-19-son Qaroriga asosan xorijiy davlatlarda Alisher Navoiy nomidagi O‘zbek tili va madaniyati markazlarini ochish vazifasi belgilangan va bu vazifa ijrosi Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetiga yuklatilgan. Mazkur markazlarda O‘zbekiston madaniyati, tarixi, urf-odatlari, shuningdek, o‘zbek tilini keng targ’ib etish bo‘yicha tizimli ishlar olib borish ko‘zlangan. Ushbu muhim vazifadan kelib chiqqan holda 2023-yil 4-oktabrda Qirg’izistonda, 2024-yil 8-fevralda Turkiyada Alisher Navoiy nomidagi o‘zbek tili va madaniyati markazlari ochildi hamda hozirda faoliyat olib bormoqda.
Yuqorida qayd etilgan Qarorga asosan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining markazlarida O‘zbekistonning xorijiy mamlakatlar bilan ikki tomonlama aloqalari bo‘yicha ma’ruzalar tashkil etish, o‘zbek tilini o‘rganishni istovchi xorijliklarga ona tilimizni o‘rgatish belgilangan. Ushbu topshiriqning ijrosini ta’minlash maqsadida Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining Turkiyaning Bursa Uludag‘ universitetidagi O‘zbek tili va madaniyati markazida o‘zbek tilidan onlayn darslar tashkil etilmoqda. Qariyb ellik nafar turkiyalik markaz a’zolariga universitetimiz huzuridagi “O‘zbek maktabi” o‘qituvchisi Durdona Ermatova o‘zbek tilini o‘rgatib kelmoqda. “O‘zbek tilini o‘rganish osondek tuyuldi, chunki o‘zbek tili va turk tili juda bir-biriga yaqin. Ammo har tilning o‘ziga xos tomonlari, jozibasi bor. Bizga o‘tilayotgan onlayn darslar juda manzur kelmoqda va maroq bilan til o‘rganyapmiz”, deydi til o‘rganuvchi Go‘kchen Gurel.