Yangiliklar

img
Sun, 11/17/2024 - 17:35

Turkiyalik olim ToshDOʻTAUda

Anqara Hoji Bayram Vali universiteti professori, filologiya fanlari doktori Hulya Kasapog‘lu Chengel hamda Turkiya Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi Madaniyat va turizm masalalari bo‘yicha maslahatchisi Alparslan Akinji Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetiga (ToshDO‘TAU) tashrif buyurishdi. Mazkur uchrashuvda talabalar bilan mazmunli muloqot o‘tkazilib, ular turkiy tillar tarixi, turkiy xalqlarning boy madaniyati va mushtarak qadriyatlari, umumturk alifbosi, Turkiyada o‘zbek tili va adabiyotining o‘qitilishi, tarjima masalalari, xalqaro loyihalar va akademik almashinuv dasturlari haqida qimmatli ma’lumotlarga ega bo‘lishdi.

Uchrashuv davomida ToshDO‘TAU dotsentlari, filologiya fanlari nomzodlari Abdumurod Tilavov va Farhad Rahimi ham o‘z fikr-mulohazalarini bildirishdi. Ularning chiqishlari talabalarga nazariy va amaliy bilimlarini boyitishda, o‘zbek tili va adabiyotining turkiy tillar oilasidagi o‘rnini chuqurroq anglashda katta yordam berdi.

  

Muloqotda faol ishtirok etgan talabalar o‘z bilim va ko‘nikmalari bilan ajralib turdi va ularning til o‘rganishda erishgan yutuqlari turkiyalik mutaxassislar tomonidan yuqori baholandi. Ayniqsa, talabalar tomonidan ko‘rsatilgan qiziqish va savollarga berilgan javoblar kelgusida ularning ilmiy izlanishlar olib borishlariga, turkiy xalqlar orasidagi aloqalarni yanada rivojlantirishga bo‘lgan motivatsiyalarini oshirdi.

  

Ushbu uchrashuv ToshDO‘TAU talabalariga nafaqat bilim olish imkoniyatini, balki xalqaro aloqalar va o‘zaro madaniy tushunishni mustahkamlashda yangi imkoniyatlar eshigini ochdi. Turkiyalik mutaxassislar va ToshDO‘TAU vakillari o‘rtasida o‘zaro tajriba almashish va kelgusida birgalikda loyihalar amalga oshirish masalalari ham muhokama qilindi.