
Turkiyadan yangi kun xabarlari
Xabar berganimizdek, universitetimizning fidoyi ustozi Abdumurod Tilavov Turkiya safarida koʻplab professorlar bilan uchrashib, shartnomalar imzolashga muvaffaq boʻlmoqda. Jumladan, Abdumurod Tilavov xizmat safari davomida Istanbul universiteti professori Mustafo Qoratosh bilan ilm, odob, oila saodati sirlari, shuningdek, "Oʻzbekiston — maʼnaviyat va maʼrifat beshigi", "Adabiyot — kamolot kaliti" mavzularida suhbatlashdi. Mazkur suhbatda: "O'zbekiston, o'zbek xalqi va o'zbek adabiyotiga mehrim baland. Olim va va avliyolari, madaniy merosi bilan dunyoga nur sochgan diyordir O'zbekiston... Rahmatli Tohir Malikka Turkiyada chiqajak kitobingizga O'ngso'z (So'z bosh) yozaman, deb so'z bergandim. Bir qissalarini turkchaga tarjima qildik va yaqinda mening o'ngso'zim bilan chiqadi. Alloh rahmat aylasin, nur ichida yotsin...", - dedi Tohir Malikni yodga olib professor Mustafo Qoratosh.
Ma'lumot uchun, Mustafo Qoratoshning " Baxtli oila qurmoqchi bo'lganlar uchun 4 maktub" kitobi O'zbekiston xalq yozuvchisi Tohir Malik so'zboshisi bilan nashr etilgan.
Bundan tashqari, 2021-yilning 24-dekabrida univetsitetimiz qoshidagi "Navoiy nashriyot-matbaa" korxonasi bilan Turkiya Jumhuriyati Turizm Vazirligi, Turk madaniyat va san'at asarlarini xorijda targ'ib etilishini qo'llab-quvvatlashga oid TEDA shartnomasi imzolangan edi. Mazkur bitimga asosan, 631 sahifadan iborat "YUNUS EMRE DİVANI" ("H Yayınları" nashriyoti, İstanbul -2021) kitobini o'zbek tiliga tarjima qilindi va nashr etildi. Xizmat safari davomida, malakali mutaxassis ustozimiz nashriyot rahbaridan ushbu kitobning asliyatini olishga muvaffaq boʻldi. Turkiya safarining yana bir kunida, muhtaram rektorimiz tomonidan imzolangan ikki shartnoma hamkorlarimiz − İstanbul Turkiya madaniyat va ijtimoiy yordam jamiyati hamda Yevroosiyo turk uyushmalari federatsiyasiga topshirildi. Tashkilot vakillari 2021-yilning noyabr oyida universitetimizda Alisher Navoiy ijodi bo‘yicha oʼtkazilgan tashrif chogʻida Alisher Navoiy asarlariga ishlangan 24 miniatyura va mavzuga doir Turkiyada nashr etilgan 5 nomdagi kitoblar jamlamasini taqdim etgan edi.
“Rektor janoblariga, Xalqaro aloqalar bo‘limi xodimlariga va bizga onlayn tarzda “O‘zbek tili”dan dars berayotgan ustozlarga samimiy minnatdorchiligimizni yetkazing. Turkiyadagi o‘zbek diasporasi bizga yaratilgan bu imkoniyatdan juda mamnun...”, − deya tashkilot rahbarlari universitetimizga yuksak ishonch va minnatdorchilik bildirdi.