Yangiliklar

img
Thu, 11/20/2025 - 22:04

Turkiya va O‘zbekistonda oilani mustahkamlashga qaratilgan davlat siyosati

17–18-noyabr kunlari Buxoro davlat texnika universitetida “Turkiya va O‘zbekistonda oilani mustahkamlashga qaratilgan davlat siyosati” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi. Anjumanda Turkiya Respublikasi Oila va ijtimoiy xizmatlar vazirligi, O‘zbekiston xotin-qizlar qo‘mitasi, ÖKHD, KADEM, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, respublika oliy ta’lim muassasalari vakillari bilan bir qatorda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti delegatsiyasi ham ishtirok etdi. Universitetdan Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektor Gulnoza Jurayeva hamda Xotin-qizlar kengashi raisi, professor Odina Jamoldinova konferensiya ishida qatnashdilar.

Konferensiyada ikki davlatda oilaviy siyosatni mustahkamlash, gender tenglikni ta’minlash, xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va ijtimoiy himoya masalalariga doir yondashuvlar muhokama qilindi. Tadbir O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi ilmiy-amaliy hamkorlikni kengaytirish, istiqboldagi qo‘shma tashabbuslarni belgilash uchun muhim platforma bo‘lib xizmat qildi.

Gulnoza Jurayeva anjumanda oliy ta’lim tizimida ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qizlar bilan ishlashning amaliy yo‘nalishlariga bag‘ishlangan ma’ruza taqdim etdi. Professor Odina Jamoldinova esa sessiya va muloqotlarda ishtirok etib, xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlashga oid fikr va takliflarni bildirib o‘tdi.